Xiaomi 18 kun ichida Hindistonda millionta smartfon sotdi

Xiaomi 18 kun ichida Hindistonda millionta smartfon sotdi

Bir necha turdagi texnologik mahsulotlarni ishlab chiqaradigan Xitoyning Xiaomi kompaniyasi Hindistonda 18 kun davomida million dona smartfon sotishga ulgurdi. Bu haqda Mi India feysbuk sahifasida kompaniyaning ijrochi direktori Lei Djun ma’lum qilgan.

Sotuvlarning bunchalik kuchayishiga mamlakatda so‘nggi paytda bo‘lib o‘tgan yirik bayramlar katta turtki berdi. Lei Djun bunday ko‘rsatkichni qayd qilishda bevosita yordam bergan Flipkart, Amazon va Snapdeal onlayn riteylerlariga minnatdorchilik bildirgan.

Avval o‘z uyidagi smartfon bozorining katta ulushini onlayn savdolar orqali egallagan xitoy shovvozi endilikda Hindiston bozorini zabt etishni rejalashtirgan ko‘rinadi. Shubhasiz, ayni paytda Hindiston texnologiya bozori juda yirik imkoniyatlarga ega va dunyoning bir qator kuchli brendlari unda muvaffaqiyat qozonishni mo‘ljallagan. Xiaomi rahbari 3-5 yil ichida mazkur mamlakat bozorida eng yirik ulushga ega bo‘lish maqsadida ekanini bildirib o‘tgan.