Xiaomi eng qimmat mahsulotini sotuvga chiqaradi

Xiaomi eng qimmat mahsulotini sotuvga chiqaradi

Joriy haftada Xitoyning tinim bilmas kompaniyasi hisoblangan Xiaomi o‘zining navbatdagi mahsuloti uchun buyurtma qabul qilinayotgani haqida e’lon berdi. Bu mahsulot smartfon, televizor yoki siz o‘ylagandek, elektronika mahsuloti emas. Bu mahsulot -- xonadon uchun butun boshli mebellar jamlanmasi! Kompaniya bir muddat avval taqdim qilgan modulli mebel ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgach, Xiaomi zamonaviy mebelchilik muhandisligida ham o‘zini sinab ko‘rishga qaror qildi.

Xitoyning Master Tong brendi bu yo‘nalishda Xiaomi uchun eng yaqin hamkor bo‘ldi. Ilk mebellar to‘plami Gaoya Whole House Set deb nom olgan. Undan 25 turdagi turli xildagi jihozlar o‘rin olgan. Ular mehmonxona, yotoqxona hamda ishlash xonasiga mo‘ljallangan bo‘lib, zarur qulaylikni yaratadi. Misol uchun, televizor uchun tumba, jurnal stoli, stol va stullar, divan hamda yotoqxona karavoti, kitob javoni, kiyimlar uchun shkaf va boshqa mebel jihozlari.

Ularning barchasi yaxlit uslubda, bir turdagi tabiiy materiallardan, xususan yog‘och hamda charm mahsulotlaridan tayyorlangan. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, jez (mis va ruh qotishmasi) metallidan tayyorlangan yordamchi material yuzasiga tilla rangli zarhal metall yugurtirilgan.



Mebellar jamlanmasi ¥29 999 yuanga, ya’ni $4400 dollarga baholangan. Ayni paytda mazkur loyihani moliyalashtirish istagida bo‘lganlar soni tobora oshib bormoqda. Xohlovchilar o‘zlariga ma’qul biror mebelni alohida ham buyurtma qilishlari mumkin. Jihozlar 7 oktyabrdan boshlab yetkazib beriladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!