Xiaomi Mi 7 va Mi 7 Plus: rasmiy narxi, suratlari va xususiyatlari

  •   DiMaX
  •  17598
  •  03.01.2018 08:43

Xiaomi Mi 7 va Mi 7 Plus: rasmiy narxi, suratlari va xususiyatlari

Har yili turfa modellarda yangi smartfonlar ishlab chiqarsa-da, Xiaomi kompaniyasi ularning narxini bir xil darajada ushlab turishga harakat qiladi. Jumladan, bugun tarqalgan ma’lumotga ko‘ra, u o‘zining 2018 yilgi flagmanlari – Xiaomi Mi 7 hamda Mi 7 Plus modellarining ham narxini imkon qadar hamyonbop qilmoqchi.

O‘QING: Ucell aksiya doirasida Xiaomi smartfonlariga chegirmalar taqdim etmoqda

Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, Xiaomi Mi 7 smartfonining ekrani tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda, o‘lchami esa diagonaliga 5,65 dyuymni tashkil etadi. Displeyining tasvir aniqligi 2160x1080 pikselli, ya’ni Full HD+ formatida. Flagmanning akkumulyatori 3200 mA/soat sig‘imga ega.

Uning «aka»si – Mi 7 Plus modeli ham shunaqa, farqi – u 6 dyuymli displeyga hamda 3500 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega. Har ikkala model ham Quick Charge 4.0 tezkor quvvatlash texnologiyasi evaziga bir soatga yetmasdan to‘la quvvat ola biladi. Shuningdek, ular Qi standarti bo‘yicha to‘laqonli simsiz quvvatlash texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababli korpusning orqa qopqog‘i shishadan ishlangan, unda barmoq izi skaneri ham joylashtirilgan. Smartfonlar ikkinchi avlod USB Type-C portiga ega.

O‘QING: Xiaomi fanatlari 5 yil kutgan xususiyat Mi 7’da joriy etiladi

Boshqa xususiyatlariga kelsak, Xiaomi Mi 7 va Mi 7 Plus flagmanlari 2,8 GGs takt chastotasida ishlovchi, 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 845 protsessori bilan jihozlangan, unga Adreno 630 grafik tezlatgichi yordamga keladi. Har ikkala modelning asosiy kamerasi qo‘shaloq – yonma-yon joylashgan Sony IMX380 va Sony IMX350 sensorlaridan iborat. Ularning tezkor xotirasi 6, doimiy flesh-xotirasi esa 128 gigabaytlik bo‘lishi aytilmoqda. «Xitoycha Apple»ning bu yilgi flagmanlari yuz skaneriga ega, deyishmoqda; aftidan, bu dasturiy ta’minot darajasida bo‘lsa kerak.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bazaviy modifikatsiyadagi Xiaomi Mi 7 hamda Mi 7 Plus smartfonlariga 2 699 yuan va 2 999 yuan narx belgilanadi. Mazkur narxlar tegishlicha taxminan 415 hamda 461 dollarga to‘g‘ri keladi. Bu esa, bozorda taklif etilayotgan, shunaqa xususiyatlarga ega flagmanlar orasida eng hamyonbopi, deganidir.

O‘QING: Samsung, Apple, Xiaomi va Huawei har bir smartfondan qancha sof daromad ko‘radi?

Xiaomi Mi 7 va uning «Plus»li talqini shu yilning mart oyida rasman taqdim etilishi aytilmoqda. Savdoga esa ular aprel oyida chiqariladi. Tabiiyki, ular dastlab Xitoy, so‘ng dunyo bozorida sotuvga qo‘yiladi. Lekin, agarda «xitoycha Apple»ning yangi flagmanlaridan birini xarid qilishga shoshiladigan bo‘lsangiz, internet-do‘konlar orqali buyurtma qilish imkoni mavjud.

O‘QING: AliExpress’da buyurtma qanday rasmiylashtiriladi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!