Xiaomi Mi Max 3 kutilganidan ko‘ra kuchliroq bo‘ladi

  •   DiMaX
  •  2104
  •  14.06.2018 17:17

Xiaomi Mi Max 3 kutilganidan ko‘ra kuchliroq bo‘ladi

Xiaomi kompaniyasining uchinchi avlod fableti haqida shu paytgacha turli mish-mishlar tarqalgan. Lekin  Mi Max 3 ulardan ham qiziqarliroq bo‘ladiganga o‘xshayapti.

O‘QING: Xiaomi Mi Max 3’ning ilk «jonli» suratini tomosha qiling!

Ushbu «lopatafon» 6.99 dyuymlik Full HD+ displeyga ega, deyishmoqda; ekranning tomonlari o‘zaro  18:9 nisbatda bo‘ladi. Uning «elektron yuragi» sifatida Snapdragon 660 yoki 636 qo‘yilishi aytib kelinayotgan edi. Lekin yangi xabarlarga ko‘ra, bu fablet sakkiz yadroli baquvvat Snapdragon 710 protsessori bazasida ishlaydi. Tezkor xotirasi esa boshlang‘ich versiyada 4, «katta» versiyasida esa 6 gigabaytni tashkil etadi.

Fabletning shu va boshqa jihatlari Weibo tarmog‘ida e’lon qilingan:

Mi Max 3 smartfonining asosiy kamerasi qo‘shaloq: ulardan bittasi – Mi 8 hamda Mi Mix 2S modellarida ham qo‘llangan 12 megapikselli Sony IMX363 sensori; ikkinchisi esa 20 megapikselli ob’yektiv bo‘ladi. 5500 mA/soatlik «quvvat toshi»ga esa 18 vattgacha bo‘lgan Quick Charge 3.0 tezkor quvvatlash texnologiyasi tatbiq etilgan.

O‘QING: Xiaomi Mi Max 3: simsiz quvvatlash, Snapdragon 660, ko‘z yoyi skaneri va boshqa jihatlari

Avvalroq tarqalgan xabarlarda Mi Max 3 ko‘z rangdor pardasini skanerlay olishi hamda simsiz quvvatlanishi ham aytilgan edi. Lekin yangi ma’lumotlar buni inkor etmoqda. Korpusining yuqori qirrasida 3.5 millimetrlik quloqchin tirqishi, orqa panelida esa – barmoq izi datchigi o‘rin olgan.

Darvoqe, Xiaomi kompaniyasi MIUI 10 grafik qobig‘ini 31 may kuni, Mi 8 taqdimotidayoq namoyish etganidan xabaringiz bor. Ammo bu flagmanning o‘zi hozircha MIUI 9 talqinida ishlaydi. Xiaomi Mi Max 3 modeli esa qadoqdayoq Android 8.1 Oreo bazasidagi MIUI 10 tizimiga ega bo‘ladi.

Xiaomi rahbari Ley Dzyun (Lei Jun) mazkur fabletning taqdimoti iyul oyiga rejalashtirilganini aytgan. Uning aniq sanasi esa hozircha noma’lum, bu boradagi yangiliklarni biz bilan birga kuzating.

O‘QING: Mi Max 3 yilning eng maftunkor smartfoni bo‘ladi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!