Xiaomi Mi Notebook Air 12.5 yanada “kuchaydi”, arzonligicha qoldi

Xiaomi Mi Notebook Air 12.5 yanada “kuchaydi”, arzonligicha qoldi

Xiaomi kompaniyasi o‘zining Mi Notebook Air 12.5 ixcham noutbukini yaqindagina Intel Kaby Lake protsessori bilan kuchaytirgan edi. Ko‘p o‘tmasdan kompaniya bu laptopning imkoniyatlarini kuchli protsessor hamda ikki marta kattalashgan tezkor xotira bilan yanada oshirdi.

Nima o‘zgardi?
Yangilangan Xiaomi Mi Notebook Air 12.5 endi energiya tejaydigan va samarali ishlaydigan, chastota tezligi 1.2 GGs (maxsus rejimda 3.2 GGs.gacha) bo‘lgan Core i5-7Y54 protsessori, 8 GB tezkor xotira va 256 gigabayt doimiy xotira bilan ta’minlangan.

Noutbukning tashqi ko‘rinishi o‘zgarishsiz qolgan. Ya’ni, 12.5 dyuymli, Full HD (1920×1080 pikselli) displey, qalinligi 12.9 mm bo‘lgan metall korpus, USB 3.0, USB Type-C hamda HDMI portlari mavjud. Klaviatura ostki yoritgichlarga ega. Noutbuk to‘liq quvvat bilan 11.5 soatgacha ishlaydi. Faol ishlaganda, ya’ni veb-serfing, onlayn-video ko‘rganda bu quvvat unga 7.5 va 9.5 soatgacha yetadi. Akkumulyator tezkor quvvat olish texnologiyasiga ega bo‘lib, 30 minutda 50%gacha quvvat oladi.

Afzalligi
12.5 dyuymli modellarning o‘ziga xosligi — ixcham korpusi va sig‘imdor akkumulyatori bo‘lsa, 13.3 dyuymli noutbuk modelining protsessori kuchliroq va mustaqil videokarta. Mustaqil videokartada o‘zining grafik-tasvir protsessori va tezkor xotirasi bor. Ya’ni, u noutbukning protsessoriga markazlashmagan va uning samaradorligiga salbiy ta’sir qilmaydi.

Narx-navosi?
Xiaomi Mi Notebook Air 12.5’ning eng yuqori talqini $725 dollardan sotuvga chiqariladi. Uning bosh raqibi — Xiaomi’ning Mi Notebook Air 13.3 noutbuki bo‘lib, Xitoy bozorida undan ham arzonroq, $711 dollardan sotilmoqda.

2016 yilning 2 avgustdan boshlab Xitoy bozoriga 13.3 dyuymli Mi Notebook Air $750 dollardan chiqarilgan edi. Apple MacBook Air’ning bu yerdagi narxi esa $1,050 dollarni tashkil qiladi.