Xiaomi Mi6: taqdimot “repetitsiya”sining suratlari tarqalib ketdi

Xiaomi Mi6: taqdimot “repetitsiya”sining suratlari tarqalib ketdi

Noma’lum insayder Pekin texnologiyalar universitetida Xiaomi Mi6 flagmanining taqdimotiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari aks etgan suratlarni internet tarmog‘ida e’lon qilgan.

19 aprel kuni Xiaomi kompaniyasi yangi flagmanlar turkumi — Xiaomi Mi6 va Mi6 Plus smartfonlarini taqdim qiladi. Weibo ijtimoiy tarmog‘ida tarqalgan suratlar gadjetlar to‘g‘risida bugunga qadar e’lon qilingan ma’lumotlarni tasdiqlaydi: smartfon qo‘sh modulli bosh kameraga ega bo‘ladi, unga ko‘zning rangdor to‘r pardasini skaner qilish sensori, shuningdek old paneldagi botiq shakldagi “Home” bosh tugmasida barmoq izlari skaneri o‘rnatiladi.

Xiaomi Mi6 dizayni kompaniyaning avvalgi smartfonlaridan tubdan farq qilmaydi. Smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalari orasida ilk marotaba romsiz smartfonni taqdim qilgan Xiaomi bu galgi flagmanlari displeyini ramkadan xoli qilmagan: “aqlli telefon” ekranining yon tomonlari ham, quyi va yuqori qismi ham ramka bilan o‘rab olingan. Smartfonlar korpusi tashqi ta’sirlardan himoyalanganligini kafolatlaydigan IP67 standartiga ega.

Xiaomi Mi6 / Mi6 Plus texnik tavsifi:
Displey: 5,1/5,7 dyuymli, sig‘imi — Full HD (1920x1080 piksel);
Protsessor: Snapdragon 835 — 4 yadro (2,4 GGs) + 4 yadra (1,9 GGs), jami 8 yadroli;
Xotira: 4/6 GB tezkor va 64/128 GB doimiy;
Kamera: 12 Mp bosh va 8 Mp old;
Akkumulyator: 3200/4500 mA soat;
Operatsion tizim: Android 7.1.1’ning MIUI talqini.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.