Xiaomi MIUI 9'ning ba’zi imkoniyatlarini ma’lum qildi

Xiaomi MIUI 9'ning ba’zi imkoniyatlarini ma’lum qildi

Xiaomi foydalanishga tayyorlayotgan MIUI 9 operatsion tizimiga xos ba’zi jihatlarni ma’lum qildi. Kompaniya bosh direktori Ley Szyunning ma’lum qilishicha, bu tizimning bosh maqsadi barqaror va bir tekis ishlaydigan smartfon interfeysini yaratish, shu bilan birga foydalanuvchiga sozlamalarni tubdan boshqarish imkoniyatini berish va ularni ortiqcha ovoragarchiliklardan himoya qilish. 

Jumladan, foydalanuvchi interfeysi tamoman o‘zgarib, yangicha dizaynda ishlab chiqilgan. Xususan, ekran blokirovkasida yangicha jihatlar joriy qilingan.

Xususan, 10 iyulda Xiaomi kompaniyasi Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilgan quyidagi, MIUI 9 proshivkasidan olingan skrinshotga ko‘ra, bir qator ilovalar, misol uchun, MiPay -- kontaktsiz to‘lov tizimi, Mi Pay Mi Bus -- jamoat transporti uchun yo‘l haqini tezkor to‘lash, Universal Remote Control -- masofali boshqaruv pulti, fonarni ishga tushirish kabi ilovalarning yorliqlari smartfon blokirovka bo‘lgan taqdirda ham, ekranda qoladi. Natijada, foydalanuvchining zarur mahalda sozlamalarga kirib, kerakli funksiyani qidirishiga hojat qolmaydi, funksiyalarni tezkor ishga tushirish imkoni yaratiladi.

 

MIUI 9 tizimida Android O operatsion tizimida taqdim qilingan "surat ichida surat" rejimining tatbiq qilinishi ham kutilmoqda. Bu funksiya bir vaqtning o‘zida ekranda tasvir tomosha qilish va smartfondagi boshqa funksiyalardan foydalanishga zamin yaratadi. Misol uchun, film tomosha qilish mobaynida messenjerlardan foydalanish.

Qolaversa, endi foydalanuvchilar ekrandan s’yomka qilish, ekranni bir necha qismga bo‘lib,  bir vaqtning o‘zida turli ilovalardan foydalanish imkoniga ega bo‘lishadi.

MIUI tizimining yangi avlodi 16 avgust kuni taqdim qilinadi. Xiaomi mazkur taqdimot jarayonini qiziqarli tashkil qilish uchun muxlislar o‘rtasida aksiya e’lon qilgan. Unga ko‘ra,  MIUI 9'ning taqdimot kunini aniq bashorat qilgan foydlanuvchilarga Redmi Note 4 smartfoni sovg‘a qilinadi.