Xiaomi narxi 12 dollar bo‘lgan aqlli kamerani taqdim etdi

Xiaomi narxi 12 dollar bo‘lgan aqlli kamerani taqdim etdi

Smartfon va boshqa gadjetlar ishlab chiqaruvchi Xitoyning Xiaomi kompaniyasi harakat datchigi hamda tunda tasvirga olish imkonini beruvchi infraqizil sensorli Chong Mi Smart kamerasini namoyish etdi. Xabar berishlaricha, yangi aqlli qurilma narxi atigi 12 dollar (79 yuan)ga teng.

Model MIJIA kraudfanding platformasi asosida tayyorlangan bo‘lib, og‘irligi atigi 65 gramm. U boshqarsa bo‘ladigan ham “yopishqoq” asosga ega bo‘lib, uni istalgan sathga, jumladan, devorga ham yopishtirib qo‘ysa bo‘ladi.

Chong Mi Smart kamerasiga keng burchakli 120 darajali ob’yektiv o‘rnatilgan bo‘lib, u HD-sifat (720 piksel)da videoga olish imkonini beradi. Modelni real rejimda ishlovchi kuzatuv kamerasi sifatida qo‘llash mumkin, u uzatayotgan tasvirlarni maxsus dastur yordamida smartfon yoki planshetda, shuningdek, kompyuter va aqlli televizorlarda tomosha qilish mumkin.

Infraqizil sensor qorong‘u xonada kameradan 9 metrgacha uzoqlikdagi holatni tasvirga tushirishga yordam beradi. Kameraga o‘rnatilgan mikrofon yordamida uni ikki tomonlama videoqo‘ng‘iroqlar uchun ham ishlatish mumkin. Harakat datchigi esa foydalanuvchini kamera kuzatayotgan joydagi vaziyat o‘zgarishlaridan boxabar qilib turadi.

Qayd etish joiz, Chong Mi Smart tashqi akkumulyatordan quvvat oladi, shu sababli ham uni rozetkalardan uzoq joylarda — har xil xonalar, ko‘chada yoki videoregistrator sifatida avtomobilda ishlatsa bo‘ladi.