Xiaomi’ning bu–yangi flagmani hammani maftun qilmoqda

Xiaomi’ning bu–yangi flagmani hammani maftun qilmoqda

Jahonning ilk romsiz mobil aloqa vositasi bo‘lgan Xiaomi Mi MIX dizaynining o‘ziga xosligi evaziga smartfon bozorining talab yuqori bo‘lgan gadjetlaridan. Shu bois, Xiaomi bundan keyin ham aynan shu uslubdagi dizaynga alohida urg‘u qaratishi tabiiy. Shubha yo‘qki, Mi MIX 2 ana shunday displeyi u hoshiyasidan bu hoshiyasiga qadar cho‘zilgan navbatdagi flagman bo‘ladi. Undan tashqari, ishlab chiqaruvchi yana bir — siz suratda ko‘rib turgan Xiaomi Mi Note 3 smartfoniga ham ana shu dizaynni tatbiq qilmoqda.

Internet tarmog‘ida tarqalgan Xiaomi Mi Note 3’ning suratlariga ko‘ra, gadjet qayrilma shakldagi displey, yuqori va quyi qismida g‘oyatda yupqa romga ega bo‘ladi. Old paneldagi kameraning qo‘sh sensorli ekani darrov e’tiborni tortadi. Shuningdek, uning orqa panelida ham 2 ta modulli bosh kamera o‘rnatilgan. Ular bilan birga, barmoq izlari skaneri ham shu yerdan o‘rin egallagan.

Ma’lum qilinishicha, Xiaomi Mi Note 3 flagmani 5,7 dyuymli QuadHD-displey, Snapdragon 835 protsessori, 8 Gb tezkor va 128/256 gigabaytli doimiy xotira, tezkor quvvat oladigan 4070 mA soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlanadi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Xiaomi Mi Note 3 flagmani 3,5 mm.li audiojekdan mahrum bo‘lgan 2-smartfon bo‘ladi. Korpusda USB Type-C universal porti bo‘ladi.

Ekspertlarning fikricha, Xiaomi o‘zining bu flagmanini taxminan $436 dollarga narxlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 22 may holatida «Malika» savdo markazida Xiaomi Mi Mix’ning 256 gigabaytli talqini 6,135,000 so‘mdan sotilmoqda.