Xiaomi'ning «iPhone X kushandasi» samaradorlikda yuqori ball to‘pladi

Xiaomi'ning «iPhone X kushandasi» samaradorlikda yuqori ball to‘pladi

2017 yilning qirol-smartfonlaridan bo‘lgan iPhone X dizaynini ayni kunda o‘nlab xitoylik ishlab chiqaruvchilar o‘zlashtirish harakatidalar. Jumladan, Xiaomi brendi ham bu raqib flagmanga «kushanda» tayyorlash bilan band. Tez orada taqdim etilishi kutilayotgan Xiaomi Mi Mix 2S telefoni 2017 yilning sentyabrida bozorga tushirilgan Mi Mix 2 modelining takomillashgan talqini bo‘ladi.

Kecha Xiaomi Mi Mix 2S modeli smartfonlar samaradorligini baholaydigan AuTuTu benchmarkidan sinovdan o‘tib ko‘rdi va tezkorligi, ilg‘or platformasi bilan ko‘pchilikni hayratga soldi.

Test natijalariga ko‘ra, hozircha ishchi nomi "Polaris" bo‘lgan Xiaomi Mi Mix 2S benchmarkda 270 461 ball to‘plagan – bu ayni paytda mobil aloqa bozoridagi eng yaxshi ko‘rsatkchilardan biri! Smartfonning ilk imtihondayoq mazkur natijani qo‘lga kiritishi uning kuchli flagmanlardan biri bo‘lishidan darak beradi. Bu natija hali ko‘tariladi.

Gap shundaki, uning samaradorligi platformasidagi 10 nanometrli Qualcomm Snapdragon 845 protsessoriga bog‘liq. Bu chipning chastota tezligi 2,8 GGs va Mi Mix 2 modeliga o‘rnatilgan, "ajdodi" hisoblanmish Snapdragon 835 chipidan 25% ga samarali ishlaydi.

Shu bilan birga, bizga ma’lum bo‘lishicha, yangi protsessorning quvvatni tejash xususiyati ham 30% ga yaxshilangan. Shu bois, Xiaomi Mi Mix 2S to‘liq quvvat bilan yanada uzog‘roq ishlab, foydalanuvchini xursand qiladi.

Xiaomi Mi Mix 2S joriy yilda brend ishlab chiqaradigan eng qimmatbaho flagman bo‘ladi. Sababi unda barcha yangi texnologiyalar hamda jozibador dizayn jam qilinadi.

Shuningdek, Xiaomi Mi Mix 2S modelining amerikalik iPhone X modeliga ham juda o‘xshash bo‘lishi kutilmoqda. Uning ham old panelida, ekran yuqorisida sensorlar va suhbat dinamigi uchun ajratilgan maxsus joy bo‘ladi.

Apple flagmani «kushandasi» to‘plashga erishgan natijalarga ko‘ra, 2018 yilda xitoylik "insofli" ishlab chiqaruvchi eng kuchli flagmanlaridan biri bilan ko‘pchilikni hayrat soladi.

 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!