Xiaomi Redmi 5 hamyonboplar orasida "eng yaxshi taklif" bo‘ladi

Xiaomi Redmi 5 hamyonboplar orasida

Xiaomi shu kunlarda hamyonbop smartfonlar bozorida o‘z nufuzini saqlab qolishga urinmoqda. Arzon gadjetlari bilan tezda obro‘ga erishgan bu brend qimmatbaho mobil aloqa vositalari ishlab chiqarayotgan bo‘lsa ham, cho‘ntakka monand telefonlarni tayyorlashni unutgani yo‘q.

Redmi turkumi ko‘pchilikka tanish -- arzon va yaxshi jihatlar ega smartfonlar turkumi. Shu kunlarda kompaniya brendni yangi modellar -- Xiaomi Redmi Note 5 va Redmi Note 5A bilan boyitish harakatida.

Insayderlarning ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, bu modellar arzon smartfonlar orasida eng kuchli jihatlarga ega gadjetlar bo‘lishadi.

Redmi 4 "merosxo‘ri" bo‘lgan Xiaomi Redmi 5 devaysi 2 talqindagi apparat platformada ishlab chiqariladi: Snapdragon 625 hamda 630 protsessorlarida. Xotira sig‘imiga ko‘ra, yangi model 5 versiyada ishlab chiqariladi: Snapdragon 625 chipiga ega talqin 2 modifikatsiyada, ya’ni 3 Gb tezkor va 16 Gb doimiy (narxi $126 dollar) hamda 3/32 Gb ($153 dollar). Nisbatan kuchliroq bo‘lgan Snapdragon 630 chipidagi talqin esa 3/32 Gb ($162) va  4/32 Gb ($176), shuningdek  4/64 Gb ($191) xotirali talqinlarda ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, ultra-hamyonbop talqin ham bozorga chiqariladi. Unga 3/16 Gb xotira o‘rnatiladi. Mazkur devays $117 dollarga baholanadi. Bu maxsus talqin bo‘lib, Xiaomi'ning Mijia deb nomlangan subbrendi ostida sotuvga chiqariladi.

Xiaomi Redmi 5'ga xos boshqa jihatlar ham yomon emas: 5 dyuymli,  FullHD sig‘imli displey, 16 megapikselli bosh kamera, barmoq izlari skaneri hamda 3680 mA soat tok sig‘imiga ega akkumulyator. Bu "quvvat toshi" Quick Charge 3.0 texnologiyasi yordamida tezkor quvvat oladi. 

Smartfon dizayni ham yoqimli. Ayniqsa, 7,6 mm.li to‘liq metalli korpus ko‘pchilik uchun tanish maqbul dizayn. Yangi Xiaomi Redmi 5'da ilk marotaba Xiaomi'ning Android 7.1.1 bazasida o‘zlashtirilgan MIUI 9 operatsion tizimi taqdim qilinishi ham kutilmoqda.

Yana bir muhim ma’lumot: yangi modelning 12 va 13 megapikselli 2 ta sensordan iborat bosh kamerasi bo‘lishi ham taxmin qilinmoqda.