Xiaomi Redmi Note 5A — "Malika"dagi eng arzon kamerafon!

Xiaomi Redmi Note 5A —

Xiaomi kompaniyasi shu yilning avgustida hamyonbop smartfoni bo‘lmish Redmi 5A gadjetini o‘z yurtida taqdim qilgan edi. Redmi Note 5A gadjeti 2017 yilda eng ko‘p sotilgan Redmi 4A mobil aloqa vositasining "merosxo‘ri" bo‘lib, keng ommalashgan "Redmi 4" smartfonlar oilasining bir oz arzon vakilidir.

100 dollarlik smartfonlar orasida Xiaomi Redmi Note 5a kabi suratkashni devaysni topish imkonsiz.

Xiaomi kompaniyasining arzon Redmi turkumidagi bu yangi model sifati va narxi bilan raqobatchilaridan ustun turadi.

Redmi 4A'dan farqli ravishda, Redmi Note 5A korpusi to‘liq metalldan ishlangan hamda old panel Corning Gorilla Glass himoya shishasi bilan qoplangan. Redmi Note 5A'ning yuqori talqinidagina barmoq izlari skaneri joriy qilingan.

Xiaomi Redmi Note 5a — mazkur turkumning yangi vakili va ayni paytda uning yurtimizdagi bahosi 1,066,000 so‘mni tashkil qiladi. Bu pulga esa "arzonchi kompaniya" yorqin ekran, sifatli tasvirga oluvchi kameralar va energiyani tejaydigan Qualcomm Snapdragon 425 platformasini taklif qilmoqda. Quyida Xiaomi Redmi Note 5a imkoniyatlarini tahlil qilamiz.

Xiaomi Redmi Note 5a smartfoni 2 xil modifikatsiyada ishlab chiqarilmoqda: ular tezkor va doimiy xotirasi bilan bir-biridan farqlanib turadi. Har ikkala talqin ham 13 megapikselli bosh kameraga ega bo‘lgan. Biroq, arzon talqinda 5 megapikselli, qimmat talqinda 16 megapikselli sensorlardan foydalanilgan. Shuningdek, 16 megapikselli selfi-kamerali Redmi Note 5A LED-fotochaqnog‘iga ham ega bo‘lgan.

Eng quyi talqin, ya’ni biz ko‘rayotgan modelga xos jihatlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, bu Redmi Note 5a'ning arzonligini fahmlash qiyin emas. Snapdragon 425 protsessorini avvalboshdanoq bugungi kun uchun o‘ta samarali deyish xatoligini qayd etish lozim. Biroq, bu chipdan barcha hamyonboplarda foydalaniladi. Undagi 4 ta 64 bitli Cortex-A53 yadrolarining ishlash tezkorligi 1,4 GGs hamda video-tasvir uchun Adreno 308 video kartasi mas’ul.

Tezkor xotira 2 gigabaytli bo‘lgani bilan, aksariyat foydalanuvchilar smartfondan o‘yin o‘ynash, surat olish va kundalik messenjer va internetdan foydalanish kabi yumushlarni bajarishini hisobga olsak, smartfon bu vazifalarni to‘liq va muammosiz uddalaydi.

Texnik jihatlar

Korpus:               metall, plastik;

Displey:           5,5 dyuym, HD (1 280 × 720), IPS;

Platforma: 4 yadroli, 1,4 GGs.li Snapdragon 425,  video-karta Adreno 308;

Tezkor xotira: 2 GB;

Doimiy xotira:            16 GB, 128 gigabaytgacha xotirani qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lmacha;

Bosh kamera: 13 Mp, old kamera — 5 Mp;

Aloqa: 2 ta nanoSIM hamda alohida microSD uchun bo‘lmacha;

Aloqa tarmoqlari: 2G (GSM): 850 / 900 / 1 800 / 1 900 MGs;

3G (WCDMA): 850 / 900 / 1 900 / 2 100 MGs;

4G (FDD-LTE): 850 / 900 / 1 800 / 1 900 / 2 100 / 2 300 / 2 500 / 2 600 MGs (Band 1/3/7/8/20);

Simsiz interfeys:      Wi-Fi 802.11 b/g/n, Bluetooth 4.2, GPS, GLONASS, A-GPS, IrDA;

Datchiklar:       yorug‘lik datchigi, oraliq-masofa, akselerometr, giroskop, magnitometr, elektron kompas;

Operatsion tizim: MIUI 9 (Android 7.1.2);

Akkumulyator: 3 080 mA·soat (ajralmas), tezkor quvvatlash texnologiyasi mavjud;

O‘lchamlari: 76,2  × 153,5 × 7,6 mm;

Vazni: 150 gramm.

Komplektatsiya va tashqi ko‘rinish

Xiaomi Redmi Note 5a smartfoni u qadar katta bo‘lmagan, qizil rangli karton qadoqda yetkazib beriladi. Unda smartfon, zaryadlash uchun qurilma, USB-kabel, bo‘lmachalarni ochish uchun to‘g‘nog‘ich hamda qo‘llanmani ko‘rish mumkin.

Xiaomi Redmi Note 5a qadog‘i imkon qadar sodda va unda biror bir ortiqcha aksessuar mavjud emas. Vaholanki, oxirgi vaqtlarda aksariyat hamyonbop smartfonlar ham ekran uchun himoya plyonkalari hamda shishalari, firmaning chexollari yoki audio quloqchinlari bilan taqdim etilmoqda. Afsuski, Xiaomi bu gal bu trenddan voz kechib, "qattiqlik" qilibdi.

Xiaomi Redmi Note 5a korpusi to‘liq metalldan ishlangandek taassurot qoldiradi. Unga yaqinroq nazar solsangiz, orqa panelning plastmassadan tayyorlanganini ko‘rish mumkin. Orqa panel yuqorisidan bosh kamera va uning fotochaqnog‘i o‘rin olgan.

Xiaomi Redmi Note 5a ekrani yuzasiga sifatli oleofob qoplamali himoya shishasi yotqizilgan. Ekran quyisida esa ostki yoritish tizimidan mosuvo bo‘lgan sensor tugmalarni ko‘ramiz. Old panel yuqori qismida old kamera tuynugi, suhbat dinamigi va ogohlantirishlar indikatori mavjud. Bu yoritgich uchun faqatgina oq tus tanlangan.

Xiaomi Redmi Note 5a korpusining o‘ng tomonida o‘chirib-yoqish tugmasi, ovozni boshqarish tugmasi o‘rin olgan.

Korpusning chap tomonida esa sim-kartalar va xotira fleshkasi uchun bo‘lmachalar mavjud. 3 bo‘lmadan iborat bu qismga bir vaqtning o‘zida 2 ta sim-karta va bitta SD-karta ketadi.

Xiaomi Redmi Note 5a korpusining quyi qismida quvvatlash hamda ma’lumotlar almashish uchun port, mikrofon va tashqi dinamik o‘rnatilgan.

Yuqori, ya’ni tom qismida ham qo‘shimcha mikrofon, audio quloqchin uchun tuynuk hamda IQ-porti bor.

Umuman olganda, Xiaomi Redmi Note 5a'ni yig‘ishda an’anaviy material va uslubdan foydalanilgan. Unutmaslik kerak, qarshimizda hamyonbop smartfon turibdi. Korpusning yig‘ilishi puxta va pishiq, ranglanishi sifatli, shuningdek tugmalar ham mustahkam. Korpus yupqa va yassi yonlarga egaligi tufayli, smartfonning kaftga joylashuvi qulay.

 

Ekran hamda ovoz

Redmi Note 5a uchun 5,5 dyuymli sifatli ekran tanlangan. Uning piksellar sig‘imi 1 280 × 720 belgiga teng. Garchi, piksellar sig‘imi u qadar yuqori bo‘lmasa ham, ekran sifatiga yuqori baho berish mumkin. Hatto eng o‘tkir nazar ham bu ekrandagi pikselizatsiyani, shrift yoki tasvir bilan bog‘liq nosozlikni semaydi.

Xiaomi Redmi Note 5a ekranidagi yorqinlik zaxirasi yetarli va u ko‘chada, yorug‘ kunda ham pand bermaydi. Yorug‘likni eng past darajaga qo‘yib esa, ekranda tunlari mutolaa qilish mumkin. Buning telefonda alohida, maxsus rejim ham bor. U ko‘zni ekranning ko‘k tusidan himoya qiladi.

Xiaomi Redmi Note 5a smartfonida o‘rnatilgan tashqi dinamikning ovoz va tovush taratish imkoniyatlari yuqori. Qolaversa, ogohlantirishlarning ovozi ham yaxshi eshitiladi. Musiqa tinglaganda esa, uning sifati melomanlarni xursand qilmasligi mumkin. Undan musiqiy pleyer sifatida faqatgina yaxshi audio naushniklarda foydalanish mumkin. Shundagina, hammasi joyida bo‘ladi.

 

Platforma samaradorligi

Yuqorida qayd etganimiz kabi, Redmi Note 5a katta samaradorlikni va’da qila olmaydi. Bu u qadar hayratlanarli haqiqat ham emas, arzon smartfon modelidan boshqasini kutish am xato. Shu bilan birga, smartfon foydalanuvchisi undan foydalanish jarayonida "ezilib ketadi" degani emas!

Redmi Note 5a Antutu va Geekbench kabi smartfon platformasi samaradorligini baholaydigan virtual imtihon resurslarida raqiblariga qaraganda munosib ball to‘plagan. Misol uchun, Antutu benchmarkida u 34 ming ball to‘plagan. Bu -- hamyonboplar uchun yaxshi natija.

Bu ball uning bugungi aksariyat vazifalarni muammosiz bajara olishi, internetdan foydalanishda muammo chiqarmasligi, musiqa tinglash va ilovalardan foydalanish chog‘ida uzluksiz xizmat qilishi, video ko‘rish va o‘yinlar o‘ynaganda ma’qul bo‘lishidan dalolat beradi.

 Redmi Note 5a bilan o‘ta murakkaba o‘yinlarni maza qilib o‘ynashni kutish -- bir oz xato. Biroq, oddiy arkad platformali o‘yinlar, boshqotirmali o‘yinlar va grafikaga u qadar boy bo‘lmagan o‘yinlarni miriqib o‘ynash mumkin.

Akkumulyator imkoniyatlari

Redmi Note 5a batareya sig‘imi 3 080 mA· soat bo‘lsa ham, bugungi davr uchun mazkur sig‘im kamtar va yomon ham emas. Kun davomida faol foydalanganda, ya’ni internetdan foydalanib, o‘yin o‘ynab, qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirganda bu quvvat bilan smartfon kun oxiriga qadar "jon saqlaydi". Agar energiyani tejaydigan rejimni yoqsangiz, smartfon to‘liq quvvat bilan 2 kun xizmatingizni qiladi.

Muhim jihatlari qatorida akkumulyatorning quvvatini 1,5 soat ichida to‘ldirib olishini aytish mumkin.

Kutish rejimida esa bu quvvat smartfonga 11 kunga yetishi rasman e’lon qilingan. Redmi Note 5a bu natijaga nafaqat maqbul operatsion tizimi, balki mashhur MIUI proshivkasi evaziga erishadi. Bunda Xiaomi tomonidan ishlab chiqarilgan quvvatni tejovchi funksiyaning o‘rni ham yuqori. Misol uchun, bu funksiya batareyadagi quvvatdan kelib chiqib, quvvatni tejaydigan rejimlarni yoki tunda "avtopilot" rejimni avtomatik ravishda yoqadi.

IQ-port

Smartfonning yana bir qiziqarli jihati qatoriga unda infraqizil portning mavjudligini aytish mumkin. Uning yordamida televizor, konditsioner, musiqiy markaz, umuman olganda, maishiy texnika vositalarini boshqarish mumkin.

Mi Remote ilovasi smartfonni barcha texnikalarning universal boshqaruv pultiga aylantirishi mumkin.

 

Kamera

Yorug‘lik past sharoitda o‘zini yo‘qotib qo‘ish xususiyati barcha xitoylik arzon smartfonlarga xos. Xitoylik bo‘lmagan aksariyat mobil qurilmalar ham yorug‘lik past sharoitda yaxshi tasvir olishga qiynalib qolishadi.

Xiaomi Redmi Note 5a esa bu borada bir dadilroq. Mazkur hamyonbop smartfonni yaratish jarayonida Xiaomi unga o‘rnatilgan barcha butlovchi qismlardan tejab qolishga uringan bo‘lsa ham, bosh kamera moduli uchun yaxshi sensor tanlashga ikkilanmagan. Harqalay, kamerada olingan suratlar bu fikrimizga guvohlik berib turibdi.

Quyidagi suratlarga siz ham baho bering.

Yorug‘lik darajasi yaxshi bo‘lsa, tasvir rang-tusga to‘yingan, detallarga boy, yorug‘lik taqsimoti yaxshi bo‘ladi. Bunday suratlar foydalanuvchining ko‘nglini chog‘ qiladi.

Shu bilan birga, tungi manzarani suratga olish ham qoyil qoldiradi. Redmi Note 5a kamerasi yorug‘lik past sharoitda ham sifatli surat olishga muvaffaq bo‘ldi. Undan qimmat smartfonlar ham bunday sharoitda butkul "o‘chib" qolishadi.

Dasturiy ta’minot

Redmi Note 5a smartfonida Androidning MIUI 8 proshivkasi o‘rantilgan. Ya’ni, Google, Google Play kabi xalqaro xizmatlar unda mavjud emas. Hozirda uni ilg‘or MIUI 9 talqiniga yangilash mumkin. Bu talqinda esa Google Play va boshqa zarur ilovalar mavjud.

 

Xulosa

Qarshimizda qiziqarli smartfon turibdi. U o‘zidagi yorqin ekrani, yaxshi ovoz taratuvchi karnaylari, qulay korpusi va imkoniyati yuqori kamerasi bilan diqqatga sazovor. To‘g‘ri, protsessordan juda katta imkoniyalar kutish -- xato. Biroq, bu ham ko‘pchilik uchun muammo emas va bu model chipi ular uchun yetarli samaradorlikni yetkazib bera oladi.

Redmi Note 5a'ning bosh jihati — kamerasi. 120 dollarlik smartfonning bunday suratga olishi -- biz uchun yangilik bo‘ldi! Bundayini boshqa topish hozircha qiyin. Agar sizga hamyonbop va yaxshi kamerofon kerak bo‘lsa, Redmi Note 5a eng yaxshi tanlov bo‘lishi mumkin.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

asaxiy.uz 1,3 млн сўм (3/32ГБ) Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi