Xiaomi: smartfonlar sotuvidan daromad olmayapmiz

Xiaomi: smartfonlar sotuvidan daromad olmayapmiz

Xiaomi vitse-prezidenti Xyugo Barra Reuters bilan suhbatda nima uchun uning kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab smartfonlar sotuvining pasayishidan (12 foizga) u qadar zarar ko‘rmasligiga izoh berdi.

“Biz smartfonlarni ishlab chiqarishdan foyda ko‘rmaymiz. Bizni ko‘proq uzoq muddatli daromad manbalari qiziqtiradi. Kompaniya 10 milliardlab smartfon sotib, bundan umuman foyda ko‘rmasligi mumkin”.

Xyugo Barra, Xiaomi vitse-prezidenti

Barraning so‘zlariga ko‘ra, Xiaomi o‘zining boshqa turdagi mahsulotlari – dasturiy ta’minot, servislar va “aqlli uy”dan daromad olishga umid qilmoqda.  Bu haqda Kun nashri yozmoqda.

TechCrunch’da ta’kidlanishicha, Xiaomi kompaniyasining ishga yondashuvi u ko‘pincha qiyoslanadigan Apple’ga emas,  Amazon’ga yaqinroq. Xiaomi o‘z qurilmasini minimal narxda sotadi, sotuvdan tushgan pullar faqat ularni ishlab chiqarish va yetkazishni qoplaydi. Amazon bir martagina o‘z telefoni sotuvini yo‘lga qo‘yganda muvaffaqiyatsizlikka duch keldi, Xiaomi qurilmalari esa xaridorlarni o‘ziga jalb qiladi.

Bugungi kunda smartfonlar sotuvidan daromad ko‘rayotgan yagona kompaniya – Apple. 2016 yilning uchinchi choragida bu sohadagi operatsion daromadning 104 foizi unga to‘g‘ri keldi (raqamlarning 100 foizdan yuqoriligiga sabab – raqiblarning bu borada tanazzulga uchraganligi). Samsung bu bozorda o‘z smartfonlarining 20 foizini sotgan bo‘lsa-da, u umumiy operatsion daromadning atigi 0,9 foiziga ega bo‘ldi.