Xiaomi smartfonlari bunchalik ommabopligining 5 sababi

  •   DiMaX
  •  6132
  •  13.11.2017 18:42

Xiaomi smartfonlari bunchalik ommabopligining 5 sababi

Hali yaqinlargacha smartfon deganda ko‘pchilik birinchi navbatda Apple va Samsung qurilmalarini tushunar edi, bugunga kelib esa ko‘plab ishlab chiqaruvchilarning turli modellari ommalashib borayotir. Butun dunyoda bo‘lganidek, O‘zbekistonda ham tobora ko‘p ixlosmandlariga ega bo‘lib borayotgan smartfonsozlardan biri esa, shubhasiz, Xiaomi hisoblanadi. Layfxaker nashri ushbu brend smartfonlarining tez ommalashuvi sabablarini o‘rganib chiqib, maqola tarzida taqdim etgan.

Xo‘sh, ularga bir nazar solamiz-a?

1. MIUI operatsion tizimi

Balki ko‘pchilikning xabari ham yo‘qdir – Xiaomi dastlab Android asosida o‘z proshivkasini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan softveyr startapi bo‘lgan. Uning hozirgi deyarli barcha (Mi A1 modelidan boshqa) smartfonlari mana shu – MIUI qobig‘i boshqaruvi ostida faoliyat yuritadi. Yaratilganidan buyon o‘tgan yetti yil mobaynida u Android ekotizimidagi eng mukammal muqobil operatsion tizim darajasigacha yuksala oldi.

O‘QING: Xiaomi smartfonlari uchun MIUI 9 rasman foydalanishga topshirildi

MIUI’ning asosiy yutuqlaridan biri – uning ajoyib ishlangan interfeysidir. Bugungi kunda u – foydalanish chindanam juda yoqimli bo‘lgan eng chiroyli qobiqdir. Bundan tashqari, uning tashqi ko‘rinishini tayyor mavzular asosida va qo‘shimcha tarzda har bir detalini o‘zgartirish imkoni ham mavjud. Natijada, har qanday talabchan foydalanuvchi ham uni o‘ziga mos ko‘rinishga keltirib foydalanishi mumkin.

Ammo MIUI bunday yuksaklikka faqat dizaynerlarning mehnati tufayligina erishgan emas. Xiaomi dasturchilari ham uning ustida yaxshigina ter to‘kishgan. Mazkur operatsion tizim tarkibiga oddiy Android’da mavjud bo‘lmagan ko‘plab qulayliklar ham kiritilgan. Jumladan, tizimning o‘zidagi antivirus, qo‘shimcha ish maydoni, ilovalarni klonlash, sensor yordamchi, quvvat tejash rejimlari va faqat Xiaomi smartfonlari sohiblarigina faxrlana oladigan boshqa ko‘plab opsiyalar bor.

2. Muntazam yangilanishlar

Xiaomi kompaniyasi o‘z smartfonlarining dasturiy ta’minotini takomillashtirish ustidagi ishlarni biror kunga ham to‘xtatib qo‘ymaydi.

MIUI operatsion tizim qobig‘i ishlanmalari ikkita tarmoqqa bo‘linadi: barqaror va dasturchilarga mo‘ljallangan proshivkalar. Barqaror proshivkalar odatda har oyda bir marta yangilanadi, dasturchilarga mo‘ljallanganlari esa har hafta yangilanib turadi. Beta-testerlar uni sinab ko‘rib, xatolarini ko‘rsatishadi, takliflarini kiritishadi va shu tariqa, dasturiy ta’minot ishi takomillashtirib boriladi.

O‘QING: Xiaomi’ning MIUI 9 beta-testerlari jamoasiga qo‘shilasizmi?

Tan olish kerak – bunaqa qo‘llab-quvvatlash tizimi bilan har bir smartfonsoz ham maqtana olmaydi. Boshqa ishlab chiqaruvchilarning smartfonlari, odatda, proshivka taqdim etilganidan keyingi ikki oy mobaynida bir nechta patchlarni qabul qiladi – ular eng asosiy xatolarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘ladi. Keyin esa dasturchilar yangi modellarning proshivkalari ustida ishlashga o‘tib ketishadi.

3. Quvvatni uzoq saqlash

Xiaomi’ning barcha gadjetlari ham batareyasining rekord hajmli sig‘imi bilan maqtana olmaydi. Ammo bu kompaniyaning smartfonlarida quvvat, boshqa ishlab chiqaruvchilarning xuddi shunday hajmdagi sig‘imga ega bo‘lgan akkumulyatorli modellaridan ko‘ra ancha uzoq vaqtga yetadi.

Buning sababi ham yana ularning operatsion tizimiga borib taqaladi. MIUI qobig‘ida bir qator quvvat tejovchi texnologiyalar joriy etilganki, shular sharofati bilan smartfonning quvvat sarfini kamaytirish mumkin. Jumladan, kunning turli vaqtlarida muayyan samaradorlik rejimlariga o‘tish, o‘rnatilgan ilovalarning fon rejimidagi faolligini oqilona boshqarish, xotirani optimallashtirish va Xiaomi’ning o‘z ishlanmasi bo‘lgan boshqa bir qator funksiyalar mavjud.

4. Xiaomi’ning boshqa gadjetlari bilan integratsiya

Ha, haqli ravishda «xitoylik Apple» deya ta’riflanuvchi bu kompaniya nafaqat smartfonlar, balki ko‘p turdagi boshqa devayslar ham ishlab chiqaradi. Masalan, choynaklar, krossovkalar, fitnes-bilaguzuklar, chiroqlar, velosipedlar, uy uchun datchiklar – va bularning hammasi «aqlli» gadjetlar!

O‘QING: Xiaomi "aqlli ko‘rpa"ni sotuvga chiqardi

Mazkur mahsulotlarning barchasiga xos umumiy jihat bor, bu – o‘zaro aloqaga kirishib, yagona ekotizim yaratish qobiliyatidir. Bu tizimning markazida sizning smartfoningiz turadi; unga ulangan barcha qurilmalarni esa maxsus dasturlar yordamida shu smartfon orqali boshqarasiz.

Agarda siz Xiaomi smartfonini ishlatadigan bo‘lsangiz, bu kompaniyaning boshqa gadjetlarini boshqarish ancha qulay va yoqimli bo‘ladi. Buning uchun oddiy Android tizimli boshqa smartfondan foydalanadigan bo‘lsangiz, u qadar oson bo‘lmasligi mumkin.

5. Narx

Bu kompaniyaning ilk smartfonlari g‘ayrioddiy tarzda arzonligi va raqobatbardosh xususiyatlari bilan hammani qoyil qoldirgan. Bunga hayron qolmasa ham bo‘ladi: dastlabki paytlarda bu kompaniyaning mobil qurilmalar bo‘limi umuman daromad keltirmagan, ya’ni, smartfonlar o‘z tannarxida sotilgan. Foydani esa faqat telefonlarga tatbiq etilgan turli xizmat va servislar orqali olish rejalashtirilgan.

O‘QING: Xiaomi smartfonlari nega bu qadar arzon?

O‘shandan beri birmuncha vaqt o‘tdi, kompaniyani rivojlantirishning tijorat modelida ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Shunga qaramasdan, baribir bozordagi smartfonlar orasida Xiaomi mobil qurilmalari narx-sifat nisbatiga ko‘ra eng maqbul yechimlardan bo‘lib qolmoqda. Uning har bir smartfoni – hamyonbop Redmi yoki flagman Mi turkumiga mansubligidan qat’i nazar, o‘z narx toifasiga ko‘ra eng samarali tanlov bo‘la oladi. Bu esa savdolar hajmiga ijobiy ta’sir etayotganiga ham guvohmiz – kompaniyaning smartfonlar savdosi yildan-yilga yuksalib borayotir.

O‘QING: «Malika»da Xiaomi smartfonlarining so‘mdagi narxlari (2017 yil 23 oktyabr)

O‘z-o‘zidan ma’lumki, yuqoridagi beshta jihat – Xiaomi smartfonlarining afzalliklaridan asosiylari, xolos. Shuningdek, buni mutlaq haqiqat, deya da’vo qilishdan ham yiroqmiz – bunga qarshi fikrlar ham bo‘lishi va har kim o‘z argumentini keltirishi tabiiy.

Biroq mazkur smartfonlarni o‘zi ishlatib, boshqalari bilan solishtirib ko‘rganlar bu borada haqqoniy baho berishlari mumkin. Nima dedingiz?

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!