Xiaomi smartfonlari uchun MIUI 9.2 Global Stable chiqdi – o‘zgarishlar bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  3214
  •  15.01.2018 11:38

Xiaomi smartfonlari uchun MIUI 9.2 Global Stable chiqdi – o‘zgarishlar bilan tanishing!

2017 yilning oxiriga kelib Xiaomi’ning o‘ttizga yaqin modeldagi smartfonlari MIUI 9 operatsion tizim talqiniga qadar yangilangan bo‘lsa-da, kompaniya o‘z dasturiy ta’minotini takomillashtirishda davom etayotir. Jumladan, kuni kecha – 14 yanvar kuni MIUI 9.2 Global Stable talqini taqdim etilganligi haqida rasmiy forum orqali xabar qilishdi. Mazkur proshivkani korporatsiyaning bir nechta rusumlardagi smartfonlariga o‘rnatsa bo‘ladi – ular orasida flagman modellari ham, hamyonbop qurilmalar ham bor.

O‘QING: Xiaomi’ning eng yaxshi an’analari Mi 7’da ham davom etadi

«Havo orqali keluvchi» yangi MIUI 9.2 Global Stable proshivka talqinini Xiaomi’ning bir necha telefonlariga o‘rnatish mumkin: Mi MIX 2, Redmi Note 5A, Redmi Y1, Redmi Y1 Lite, Redmi Note 5A Prime, Redmi 5 hamda Redmi 5 Plus. Joriy oyning oxirigacha mazkur yangilanishni korporatsiyaning boshqa smartfonlari uchun ham taqdim etishmoqchi.

Garchi MIUI 9.2 Global Stable taqdim etilganini Xiaomi rasman e’lon qilgan bo‘lsa-da, xabarlarga ko‘ra, uni ko‘chirib olish va o‘rnatishga hali juda kam sonli foydalanuvchilar muvaffaq bo‘lishgan. Buning boisi – apdeyt «havo orqali» juda sekin tarqatilayotganligidir. Shu sababli ham yuqorida ko‘rsatilgan modellardagi smartfonlar egalari yangi proshivkani bir necha kun ichida o‘rnatishlari mumkin bo‘ladi. Kutishni istamaganlar uchun esa o‘z smartfonlarining proshivkasini Mi Flash utilitasi yoki Fastboot rejimi orqali yangilash imkoni mavjud.

O‘QING: Xiaomi xatosidan millionlab smartfon xaridorlari jabr ko‘rmoqda

MIUI 9.2 Global Stable operatsion tizimi bilan taqdim etilgan yangi imkoniyatlar ko‘lami aytarli katta emas. Xiaomi dasturchilari asosiy e’tiborni oldingi talqinda uchragan turli xatolik va nuqsonlarni to‘g‘irlashga qaratishgan.

Jumladan, yangi proshivka doirasida xitoylik korporatsiya ishlab chiquvchilari quyidagi ilova va servislarning ish faoliyatini takomillashtirishgan% «Galereya», «Bekap», Mi Account, Mi Drop, asosiy ekran, status-bar, bildirishnomalar, blokirovka ekrani, «Telefon», App Lock, shuningdek, «Mavzular».

Xiaomi vakillarining ta’kidlashicha, yangi operatsion tizim qurilmalarning ish tezligini va avtonomligini oshiradi. Shuningdek, ko‘plab xatoliklar bartaraf etilgani bois, xavfsizlik darajasi ham oshadi. Bulardan tashqari, MIUI 9.2 Global Stable proshivkasida rus tilli lokalizatsiya ham mavjudligini ta’kidlab o‘tsak arziydi.

O‘QING: Xiaomi smartfonlarini AliExpress orqali «Malika»dagidan arzonroqqa oling!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!