Xitoy hukumati MXA eshituvlaridan himoyalangan smartfon yaratish niyatida

Xitoy hukumati MXA eshituvlaridan himoyalangan smartfon yaratish niyatida

The Wall Street Journal`da yozilishicha, Xitoyning davlat va xususiy dasturchi firmalari hamkorlikda, hukumat buyurtmasiga binoan, AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) va boshqa maxsus xizmatlar eshita olmaydigan smartfonlar yaratishmoqchi.

Himoyalangan milliy smartfonni yaratish g‘oyasining sababchisi Edvard Snouden. Aynan u 2013 yilda MXAning maxfiy ma’lumotlarini ommaga taqdim qilganidan so‘ng, ko‘pchilik mamlakatlar shu haqida o‘ylay boshlagan. Agentlik mamlakatlardagi telefonlarni turli uslublar bo‘yicha eshitib, ma’lumotlar yig‘ib boradi.

2014 yilda MXA Huawei kompaniyasi va Xitoy ozodlik armiyasi o‘rtasidagi aloqalarni tekshirgani bilan bog‘liq mojarolar bo‘lgandi.

Shundan so‘ng, Xitoyning birinchi xonimi Pen Liyuan iPhone dan voz kechib, ZTE Nubia Z5 smartfoniga o‘tgan. Biroq Xitoy smartfoni ham Amerikaning Qualcomm chipi va Google Android operatsion tizimi asosida ishlaydi.

ZTE kompaniyasi kommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatda Huawei dan keyingi o‘rinda turadi va mazkur kompaniya hozirda hukumat uchun himoyalangan smartfonlar ishlab chiqarish bo‘yicha izlanishlar olib bormoqda. Gadjetning chipi, kamerasi, GPS, Wi-Fi va Bluetooth qurilmalari—barchasi mahalliy texnologiya asosida ishlab chiqiladi va axborot xavfsizligi ta’minlanadi. Hozircha bu haqda batafsil ma’lumotlar yo‘q.

Shuningdek, boshqa mahalliy kompaniyalar ham bu jarayonda faol ishtirok etmoqda. Spreadtrum Communications chip ishlab chiqaruvchilari xitoy operatsion tizimi bazasidagi protsessorlarni joriy yilning oxirida taqdim etishmoqchi.

Alibaba Group ham Xitoy jamoatchilik xavfsizligi vazirligining huquqni muhofaza qilish organlari uchun himoyalangan mobil operatsion tizimlarini yaratish bo‘yicha takliflarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!