Xitoy smartfon bozori: Huawei, Oppo, Xiaomi va Vivo “Olma”ni “yeb qo‘yishmoqda”

Xitoy smartfon bozori: Huawei, Oppo, Xiaomi va Vivo “Olma”ni “yeb qo‘yishmoqda”

Xitoy smartfon bozoriga “aqlli telefon” yetkazib berish sur’ati 2016 yilning 1 choragida 2015 yilning shu davriga nisbatan 5 foizga pasayib, mazkur turda sotilgan gadjetlar soni 109,8 million dona smartfondan 104,9 million dona smartfonga kamaygan. Iqtisodchi tahlilchilar buni bozorning tobora “to‘yib” borayotgani va Xitoy iqtisodiyotidagi pasayish bilan bog‘lashmoqda.

Ammo shunday bo‘lsa ham, jahon miqyosida xarid qilinayotgan deyarli har 3 dona smartfondan biri sotib olinayotgan Xitoy “jahonning eng yirik smartfon bozori” degan nomni saqlab turibdi.

Strategy Analytics iqtisodiy tahlil kompaniyasining ma’lum qilishicha, Xitoy smartfon bozoridagi savdo tushishi evaziga 2016 yilning 1 choragida xalqaro bozorda smartfon savdosi 3 foizga pasaygan, ya’ni sotilgan aqlli telefonlar miqdori 335 million donani tashkil qilgan.

Xitoy smartfon bozoridagi savdo deyarli 5 million dona smartfonga qisqargan bo‘lsa ham, bozordagi 5 ta yetakchi bo‘lgan yetkazib beruvchilarning ulushi oldingi yilning shu davriga nisbatan, ya’ni 49.7 foizdan 63.7 foizga oshgan.

Huawei P9

Huawei’ning smartfon yetkazib berishdagi ulushi 48 foizga oshib, 16.6 million dona smartfon yetkazib berilgan. Ya’ni, kompaniyaning bozordagi ulushi 2015 yilning shu davrida 10.2 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, ayni paytda bu ko‘rsatkich 15.8 foizga yetgan.

OPPO

Oppo kompaniyasini 1 chorakning “qahramoni” deyish mumkin. Boisi, kompaniyaning smartfon yetkazib berish ko‘lami 76 foizga ko‘rilgan bo‘lib, u 13.2 million dona smartfon sotgan. Bu bilan kompaniyaning mahalliy bozordagi ulushi bu chorakda 2015 yilning shu davridagi 7.2 foizdan 12.6 foizga ko‘tarilgan.

vivo x5 max

U qadar ham nomi chiqmagan xitoylik Vivo kompaniyasining Xitoy bozoridagi ulushi esa bir yilda 7.3 foizdan 11.9 foizga ko‘tarilgan. Natijada, kompaniyaning smartfon yetkazib berish ulushi 12.5 million donaga oshib, Apple’ni ham ortda qoldirgan.

xiaomi-mi5

Xiaomi hamda Apple kompaniyalarining smartfon savdosidagi pasayish 3.2 million donani tashkil qilmoqda. 2015 yilning yetakchi smartfon brendi hisoblangan Xiaomi’ning ulushi 8.5 foizga tushib, 1.2 million dona smartfonga kamaygan. Kompaniya 12.8 million dona smartfon sotib, mahalliy bozordagi o‘rni 3 o‘ringa tushgan.

Yetakchilar orasida tanho xorijiy kompaniya bo‘lgan Apple’ning 2016 yil 1-chorakdagi savdosi 17.4 foizga qisqargan. Oldingi yilning shu davrida bozorlagi ulush 12.3 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bu yilgi ulush 11 foiz. Kompaniya 2015 yilning shu davrida 13.5 million dona iPhone sotgan bo‘lsa, bu yilgi savdolar 11.5 millionni tashkil etmoqda. Apple Xitoydagi eng ko‘p sotilgan 5-o‘rindagi smartfon brendiga aylandi.

2015 yilda Xitoyda smartfon savdosi rekord darajada oshib, 17.3 foizga ko‘tarilgan edi. Mutaxassislar bu yaqin o‘rtada 2015 yildagi ko‘tarilishning yangilanmasligini ma’lum qilishmoqda.

Strategy Analytics kompaniyasining ijrochi direktorining ma’lum qilishicha, Xitoy mahalliy bozorida Huawei,  Oppo va Vivo kompaniyalari o‘rtasidagi raqobat tobora kuchayib, ayni kunda so‘nggi ikkita kompaniyaning qo‘li baland kelmoqda. Ayniqsa, Oppo’ning arzon va innovatsion “R” hamda “A” turkumidagi modellari shahar va qishloqlarda tez ommalashgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!