Xitoy telefonlarida ko‘p uchraydigan 4 muammo va ulardan qutulish chorasi

  •   DiMaX
  •  5427
  •  05.05.2017 11:36

Xitoy telefonlarida ko‘p uchraydigan 4 muammo va ulardan qutulish chorasi

Tinib-tinchimagan xitoyliklar deyarli har qanday mahsulotning arzon variantini yasab chiqarishadi, jumladan – telefonlarning ham. Hatto ba’zan o‘ylab ham qoladi kishi – qimmatbaho brend smartfonlarni xarid qilishning nima keragi bor, agar «xitoyfon»lar ham shu vazifalarni bajara oladigan bo‘lsa!?

Ammo aslida, deb yozadi Layfxaker sayti, ishlab chiqaruvchisi noaniq bo‘lgan Xitoy telefonlarini sotib olib, kamida quyidagi muammolarga duch kelasiz…

1. Foydasiz ilovalari bor

Dunyo bo‘ylab amal qiladigan ko‘plab servislar Xitoyda ishlamaydi, shuning uchun ham ishlab chiqaruvchilar telefonlarga ularning xitoycha analoglarini joylab qo‘yishadi. Ammo ularning bizda keragi yo‘q, aksariyat hollarda bu ilovalar yomon ishlaydi yoki umuman ishlamaydiyam. Eng yomoni – bu ortiqcha dasturlarni o‘chirishning imkoni yo‘q! Ular behudaga joy egallab yotadi, ba’zilari esa bildirishnomalar bilan joningizga ham tegadi.

Ayniqsa, Xiaomi smartfonlarida ahvol chatoq, deyiladi manbada: ularda hatto viruslar ham bo‘lishi mumkin. Ular zararsiz, lekin ishlashingizga xalaqit beraveradi – ilovalar va bildirishnomalar ustidan bezbetlarcha reklama chiqarib turadi. Buning sababi shundaki, ulardagi MIUI proshivkasi ochiq kodli bo‘lgani uchun, unga istalgan narsani tiqishtirish mumkin. Bundan esa vijdonsiz savdogarlar yaxshi foydalanib qolishadi.

Bulardan qutulish uchun root-huquqni qo‘lga kiritib, keraksiz ilovalarni bittama-bitta o‘chirib chiqishga yoki proshivkani tozasiga almashtirishga to‘g‘ri keladi. Bunga esa vaqt, kuch va bilim talab etiladi.

2. Dasturiy ta’minoti yaxshi bo‘lmaydi

Arzon turuvchi butlovchi qismlarni zavoddan o‘marish, sariq chaqaga ishchi yollab, biror yerto‘lada telefon yig‘ish – unchalik ham qiyin ish emas. Ammo uning uchun sifatli dasturiy ta’minot yozish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.

Xitoyning biror flagmaniga ilg‘or protsessor va katta tezkor xotira o‘rnatilgani bilan, u Sony’ning hamyonbop smartfonidan ko‘ra yaxshiroq ishlamaydi. Sababi – Sony dasturiy ta’minotni yaxshilay oladi, qaysidir «Dyadya Lyao Company» esa – yo‘q.

3. Kameralari sifatsiz chiqadi

Hozirda kameralarning megapiksellari masalasida muammo yo‘qdek – o‘rtacha smartfonlarning asosiy kamerasi 13, old kamerasi esa 5 megapiksel bo‘lib chiqyapti. Biroq ular suratga yaxshi ola bilmasligi – umuman boshqacha masala.

Kamera – nafaqat sensor, balki unga qo‘yiladigan soft – dasturiy ta’minotdan ham iboratdir. Masalan, o‘rtacha Xitoy telefonlarining aksariyati Samsung S5K3L8 moduli bilan jihozlanadi, lekin ular turlicha, asosan – sifatsiz suratga oladi.

4. Dizayni nusxa bo‘lib chiqadi

Aytaylik, siz yaxshigina pulga ajoyib smartfon xarid qilib, bundan xursand yurasiz. Ammo tanish-bilishlaringiz sizdagisi qanaqa iPhone ekanini so‘rayverib, kayfiyatingizni tushirishadi. Har gal buning iPhone emas, balki Meizu yoki boshqa telefon ekanini aytaverib charchaysiz.

Xitoyliklar dizayn masalasida ancha orqada: ular yo birorta beso‘naqay narsa o‘ylab topishadi, yo Apple smartfonlaridan nusxa olib qo‘yaqolishadi. Istisnolar juda kam uchraydi.

Xo‘sh, nima qilish kerak unda?

Bittagina yechim bor: taqrizlar va tavsiflarni o‘qib borish kerak. Arzonligiga uchib, yaxshi ishlamaydigan Xitoy telefoni olgandan ko‘ra, ozroq vaqt sarflab – o‘rganib chiqib, yaxshi chiqqan modellaridan oling. Agarda taqrizlarni o‘qib-o‘rganib o‘tirishga vaqtingiz yo xohishingiz bo‘lmasa, u holda ishonchli brend smartfonlaridan xarid qilib qo‘yaqolganingiz ma’qul. To‘g‘ri, ular qimmatroq, ammo bunaqa muammolarga ham duch kelmaysiz.

Balki, umuman Xitoy telefonlaridan voz kecharmiz? Yo‘q, «osmon osti saltanati»da chindan ham sifatli mahsulot ishlab chiqaruvchilar ham bor: Lenovo, Huawei, Xiaomi, ZTE, Meizu, OnePlus. Ularda muammo anchagina kam uchraydi; uchraydigan muammolarning sababi ham shundaki, siz buyurtma qilib oldirganingizda, Xitoyda sotishga mo‘ljallangan versiyasi kelishi mumkin. Ulardagi muammolarni esa proshivkani almashtirish orqali osongina hal etsa bo‘ladi.

Unchalik taniqli bo‘lmagan va sinovdan o‘tmagan ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini tanlaydigan bo‘lsangiz, u holda ehtiyotkorlik bilan yaxshilab tekshirishingiz hamda u haqdagi tavsif va taqrizlarni sinchiklab o‘qib chiqishingiz lozim. Ularning xususiyatlari zo‘r, narxi hamyonbop, ammo sotib olganingizdan keyin afsuslanib qolishingiz ehtimoli yo‘q emas.

Hozirda Xitoy smartfonlaridan birortasini shundoqqina yangi olib, ishlatib ketaverish mumkin emas. Qaysidir birida proshivkani almashtirish, boshqa birida root-huquqni qo‘lga kiritish va keraksiz ilovalardan qutulish, yana birlarida esa… boriga shukur qilib ishlataverish lozim bo‘ladi.

Umuman olganda, Xitoydan keltirilayotgan smartfonlarning ham o‘ta yomoni kam, ammo baribir ehtiyot bo‘lgan ma’qul.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!