“Xitoycha Apple” nomli kuchli gadjet taqdimoti kutilmoqda

“Xitoycha Apple” nomli kuchli gadjet taqdimoti kutilmoqda

Insayderlar tomonidan taxminiy suratlari e’lon qilingan Xiaomi Mi 5s mobil aloqa vositasiga hozirdanoq “Xitoycha Apple” degan laqab berilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sentyabr oyida namoyish etilishi kutilayotgan iPhone 7 Plus yoki iPhone 7 Pro kabi mazkur gadjetning bosh kamerasi ham 2 ta ob’yektivdan iborat bo‘ladi. Bu taxmin Xiaomi hamda Samsung Electro-Mechanics kompaniyalari o‘rtasida 2016 yilning iyul oyida mazkur turdagi kameralarni yetkazib berish to‘g‘risida tuzilgan shartnomaga asoslanib ilgari surilmoqda.

Xiaomi Mi 5s smartfoni Xiaomi Mi5’ning yanada takomillashgan talqini bo‘ladi va ilg‘or Snapdragon 820 yoki yanada tezkor Snapdragon 821 protsessorida faoliyat ko‘rsatadi.

Ekspertlarning fikrlariga ko‘ra, Xiaomi’ning yangi smartfoni 5,5 dyuymli, 2,5D-turidagi shishali Full HD-ekranga ega bo‘ladi. Smartfon displeyida iPhone 6s kabi 3D Touch, ya’ni chertish darajasini aniqlash texnologiyasi tatbiq qilinadi. Xiaomi Mi 5s “aqlli telefoni” 6 GB operativ xotira hamda ultratovush skaneri, barmoq izlari skaneri kabi xavfsizlikni ta’minlash tizimlariga ega bo‘ladi. Xiaomi Mi 5s korpusi metall, shisha va keramika uyg‘unligida tayyorlanadi.

Smartfon bozori mutaxassislari mazkur talqinning ayni paytda sotilayotgan Xiaomi Mi 5’dan taxminan 50 AQSh dollari miqdorida qimmatroq sotilishini aytishmoqda.

xiaomi-mi5

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyi oxirida 6 GB tezkor xotira,  2,15 GGs chastota tezligida ishlaydigan, 64 bitli Qualcomm Snapdragon 820, Adreno 530 grafik-tasvir protsessorlariga ega 5,15 dyuymli Xiaomi Mi 5 gadjeti Xitoydan tashqarida 370 AQSh dollaridan sotuvga chiqarildi.

Smartfonning displey sig‘imi full-HD (1080×1920 piksel). Gadjet Sony IMX298 rususmidagi fazali avtofokus tizimiga, LED fotochaqnoqqa ega 16 MP bosh kamera bilan ta’minlangan. Uning old kamerasi esa 4 MP va suratni optik barqarorlashtirish tizimiga ega. Har ikkala kamera diafragmasi f/2.0, ya’ni juda ilg‘or.

Xiaomi Mi 5 mobil telefoni o‘lchamlari: 144.5 x 69.2 x 7.25 mm, qurilma 129 gramm tosh bosadi. Mi 5 quvvat uchun sig‘imi 3000 mA soat bo‘lgan akkumulyator javobgar. Unda Qualcomm Quick Charge 3.0. tezkor quvvatlash tizimi tatbiq qilingan. Smartfon korpusida USB Type-C universal porti va qator boshqa jihatlar, funksiyalar joriy etilgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!