Xitoyning Huawei kompaniyasi Y6 Pro smartfonini namoyish qildi 

Xitoyning Huawei kompaniyasi Y6 Pro smartfonini namoyish qildi 

Yangi  Huawei Y6 Pro smartfoni 1,3 GGs chastota asosida ishlovchi 4 yadroli MediaTek (MT6735P) protsessoriga ega. Mazkur protsessor layoqatiga ko‘ra, ekspertlar tomonidan o‘rtacha darajada deb hisoblanadi. Mobil aloqa vositasining tezkor xotirasi 2 Gb. Taqdimotda qurilmaning 16 Gb qo‘shimcha xotiraga ega talqini namoyish qilingan. Y6 Pro’ning necha gigabaytgacha bo‘lgan xotira kartasini qo‘llab-quvvatlashi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Smartfonning HD IPS rusumidagi displeyi diagonali 5 dyuym (1 dyuym=25,5 mm). Bu displeyning umumiy piksel sig‘imi 720x1280 belgiga teng.

Ikki SIM kartali Y6 Pro’ning LED fotochaqnoqli bosh kamerasi 13MP, old kamerasi esa 5MP.

Smartfon o‘lchamlari: 143.1×71.8×9.7 mm. Qurilmaning umumiy vazni 160 gramm.

Uning quvvat toshi – akkumulyatorning quvvat sig‘imi birmuncha katta – 4000 mAs. Bu esa qurilmani bir marta to‘la quvvatlab, 39 soat aloqa qurish imkonini beradi. “Smart Power Saving”, ya’ni quvvat tejashning aqlli rejimida akkumulyatorning 10 foiz quvvati bilan 24 soat aloqada bo‘lish mumkin. Huawei Y6 Pro hayratlanarli akkumulyatori bilan bir qancha Android smartfonlarning jiddiy raqibiga aylanishi mumkin.

Huawei Y6 Pro 4G, 3G, GPRS/ EDGE, Wi-Fi 802.11 b/g/n aloqa tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatadi. Unda Micro-USB porti va Bluetooth texnologiyasi mavjud. Gadjetning tillarang, oq va kulrang qobiqli talqini mavjud bo‘ladi.

Y6 Pro smartfonining qachon sotuvga chiqarilishi va narxi to‘g‘risida aniq ma’lumot berilmagan. Osiyo mobil vositalari bozori talablaridan kelib chiqib, qurilma narxi u qadar ham yuqori bo‘lmasligi taxmin qilinmoqda.

Shu kunlarda Osiyo va dunyoning yirik mobil aloqa qurilmalari ishlab chiqaruvchisiga aylanayotgan Huawei’ning smartfonlari arzon va keng imkoniyati bois jahon bozorida tez ommalashmoqda. Misol uchun, yil boshidanoq kompaniya Hindistonda Honor seriyasidagi 2 yangi aqlli gadjetlarni – Honor 5X va Honor Holly 2 Plus’ni taqdim qilishga ulgurdi.

8 yadroli protsessor va 5.5 dyuymli displey, 13 MP bosh kamera, 3000 mAs akkumulyator, metall korpusga ega Honor 5X Hindistonda 190 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.