Yana bir operator OAV va ta’lim saytlariga bepul kirish imkonini berdi

  •   DiMaX
  •  989
  •  19.03.2020 09:48

Yana bir operator OAV va ta’lim saytlariga bepul kirish imkonini berdi

Kuni kecha biz O‘zbekistondagi uyali aloqa operatorlaridan biri koronavirus sababli bir qator saytlarga kirishni bepul qilgani haqida yozgandik. Shuningdek, Mobiuz (sobiq Universal Mobile SystemsUMS) ham o‘z abonentlariga shunday imkoniyatni taqdim etdi.

O‘QING: Barcha operatorlarning eng arzon va eng qimmat tariflarini taqqoslaymiz!

Mobiuz mobil operatori O‘zbekistonning 7 ta yangiliklar saytiga kirishda Internet-trafik sarflanmasligini ta’minladi. Shuningdek, kompaniya bir qator axborot-ta’lim resurslariga ham bepul kirish imkonini yaratdi.

16 martdan boshlab O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ommaviy tadbirlar bekor qilindi, bog‘chalar, maktablar va oliygohlarda o‘qishlar to‘xtatildi, koronavirusga chalingan yoki gumon qilinayotgan insonlar karantin va nazoratga olindi. Jamiyatimizda ushbu mavzu bo‘yicha yangiliklar doimiy kuzatilayotgan va faol muhokama qilinayotgan bir paytda tezkor, aniq va haqiqatga mos ma’lumotlarni olish ahamiyatlidir.

Mobiuz mobil operatori mazkur yilning 1 may sanasigacha abonentlar uchun O‘zbekistonning yettita yangiliklar saytiga kirishni bepul qildi. Ular – Daryo.uz, Kun.uz, Uznews.uz, Gazeta.uz, Podrobno.uz, Uzreport.news va Xabar.uz veb-saytlaridir.

«Bu orqali Mobiuz abonentlari koronavirus bo‘yicha yangiliklardan va joylashtirilayotgan tahliliy ma’lumotlardan yanada kengroq xabar topadi, degan umiddamiz. Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari koronavirus mavzusini keng yoritmoqda, axborot-tahliliy materiallar berib borishmoqda. Endi abonentlarimiz megabaytlari haqida qayg‘urmasdan bu materiallar bilan tanishib chiqishlari mumkin», – deya izohlaydi Mobiuz Bosh direktorining marketing va sotuvlar bo‘yicha o‘rinbosari Lola Filatova.

Avvalroq Mobiuz O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi call-markazining yagona 1003 raqamiga bepul qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratgan edi. Aholi ushbu raqam orqali koronavirus bilan bog‘liq barcha savollarga mutaxassislardan javoblar olishi mumkin.

O‘QING: Istalgan telefon himoyasini SIM-karta orqali buzish yo‘li topildi – bittagina SMS kifoya ekan!

Lekin bu ham hali hammasi emas. Kompaniya o‘sib kelayotgan avlod, ularning ota-onalari va pedagoglar manfaatlari haqida ham doimiy tarzda o‘ylamoqda. O‘tgan yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda abonentlar uchun bir qator axborot-ta’lim saytlariga kirishni bepul qilingan edi. Ular qatorida Eduportal.uz XTV axborot-ta’lim portali, Kitob.uz Respublika bolalar kitobxonasi veb-sayti va boshqa veb-resurslardir (uzedu.uz, xtv.uz, pm.xtv.uz, xt.uzedu.uz, stat.uzedu.uz, emis.uzedu.uz, kundalik.com).

Koronavirus pandemiyasining oldini olish chora-tadbirlari doirasida vaqtincha qo‘shimcha qulayliklar yaratildi. Mobiuz abonentlari endi mobil Internet trafigini sarflamagan holda edumarket.uz, online-maktab.uz, talim.uzedu.uz, utube.uz va itschool.uz ta’lim portallarining imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkin. Bu esa yoshlar, ota-otanalar hamda o‘qituvchi-murabbiylar uchun shu kunlarda juda dolzarb.

Aytib o‘tish kerakki, veb-resurslarga, shu jumladan OAV saytlariga kirishda proksi-server, shu jumladan VPN xizmatlaridan foydalanilgan bo‘lsa, mobil Internet trafigi narxlanishni boshlaydi.

O‘QING: Mobil operatorlar bizdan nimani yashirmoqda?