Yana kuygan hid kelyaptimi? Endi Redmi Note 7 Pro yonib ketdi

Yana kuygan hid kelyaptimi? Endi Redmi Note 7 Pro yonib ketdi

"Kuygan Xiaomi" rukni davom etmoqda.

Bir necha hafta oldin Hindistonda Redmi Note 7S yonib ketganligi haqida yozgan edik.
O‘shanda Xiaomi vaziyatni o‘rganib chiqqan va uning mutaxassislari bu kafolatda ko‘rsatilgan hodisa emasligini, balki tashqi tomondan salbiy ta’sir tufayli ro‘y berganini aniqlashgan edi. Bu galgi xabar esa Xitoyda Redmi Note 7 Pro'ning qanday yonib ketganligi haqida.Voqeani uch oy oldin otasi uchun Redmi Note 7 Pro sotib olgan shaxs gapirib berdi. U Xenan provinsiyasining Jokou shahrida istiqomat qiladi. Foydalanuvchining so‘zlariga ko‘ra, smartfon ko‘rpa ustida bo‘lgan va egasi uxlayotgan vaqtda o‘z-o‘zidan yonib ketgan. Hodisa oqibatida erkakning o‘zi yengil kuyish jarohatini olgan va o‘z vaqtida uyg‘onganligi sababli jiddiy oqibatlarning oldini olishga erishgan.

Foydalanuvchining so‘zlariga ko‘ra, smartfon zaryadga ulangan bo‘lmagan va yong‘inni keltirib chiqaradigan salbiy omillar ko‘rinmagan. Foydalanuvchi hodisadan oldin smartfonida bir nechta video tomosha qilgan, xolos.

Avvalgi holatda bo‘lgani kabi, Xiaomi nima bo‘lganini batafsil o‘rganishga va’da berib, mijozlarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

Vaziyat o‘rganib chiqildi ham. Ishni ko‘rib chiqqan xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inga sabab smartfonning nuqsoni emas, balki tashqi omillar bo‘lgan. Hodisaning esa kafolatda ko‘rsatilgani tan olinmagan va yonib ketgan Redmi Note 7 Pro'ni almashtirib berishdan bosh tortilgan.

O‘QING: Smartfonlarning eng keraksiz funksiyalarini bilasizmi?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!