Yangi kun va saudiyaliklardan yana bir yangi futuristik mega loyiha: "Yangi Murabba"ni qarshi oling!

Yangi kun va saudiyaliklardan yana bir yangi futuristik mega loyiha:

Allaqachon bir nechta keng ko'lamli qurilish loyihalariga ega ekanligiga qaramay, Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon mamlakat poytaxtida "Yangi Murabba" nomli ulkan shahar markazi qurilishini e'lon qildi.

"Yangi Murabba loyihasi barqarorlik kontseptsiyasi asosida quriladi. U yerda yashil hududlar, piyoda va velosiped yo'llari mavjud bo'lib, ular sog'lom, faol turmush tarzi va jamoat faoliyatini targ'ib qilish orqali hayot sifatini oshiradi. Bundan tashqari, shahar noyob muzey, texnologiya va dizayn universiteti, ko'p maqsadli immersiv teatr va 80 dan ortiq ko'ngilochar va madaniyat maskanlarini o'z ichiga oladi." deyiladi Yangi Murabba bayonotida.

"Ar-Riyodning yangi yuzi" yoxud bo'lajak metropoliten maydoni 19 kvadrat kilometr bo'lib, u 104 mingdan ortiq turar-joy binolari, 9 mingdan ortiq mehmona xonalari va 980 m² dan ortiq savdo maydonlari, shu bilan birga, 1.4 million m² ofis maydoni, 620 ming m² dam olish joylari va 1.8 million m² jamoat obyektlarini o'z ichiga oladi. Qizig'i bularning barchasi 15 daqiqalik piyoda yurish radiusida joylashgan bo'ladi.

Shaharning eng o'ziga xos xususiyati shundaki, uning markazida kub shaklidagi ulkan osmono'par bino, "Mukaab" joylashgan bo'ladi. U har tomonlama 400 meter o'lchamda bo'lib, uning ichiga 20 ta Empire State binosini sig'dirish mumkin.

Bu hali hammasi emas. Mukaab bu – "boshqa dunyoga kirish eshigi" bo'lib, u sizga ulkan gologramma bilan yaratilgan tajribani taklif qiladi. Binoning ichini to'liq virtual olam deyish mumkin. U yerda kengaytirilgan reallik texnologiyalari yordamida tashqi atrof-muhitdan umuman o'zgacha bo'lgan manzaralar ko'rsatib turiladi.

Masalan, Mukaab ichi bir kun Mars sayyorasi stilida ko'rinish olsa, yana bir kuni boshqa bir sehrli olam tusiga kiradi. Kub markazida spiral shakldagi baland bino ham joylashgan bo'lib, u turistik diqqatga sazovor joylar, turar-joy va mehmonxonalar, savdo markazlari va dam olish joylariga ega bo'ladi.

New Murabba Development Company eng yirik fondga ega bo'lgan Public Investment Fund (PIF) tomonidan moliyalashtiriladi. U Saudi Vision 2030 rejasining bir qismidir.

Yangi Murabba shahrini 2030-yilgacha qurib bitkazish rejalashtirilgan.

O'QING: Ushbu davlat eng birinchi bo‘lib 6G tarmog‘ini ishga tushiradi