Yaponiyadan kelajak gadjeti: Sony Xperia Touch

Yaponiyadan kelajak gadjeti: Sony Xperia Touch

Stol planshetga, devor — televizorga yoki ulkan soatga aylansa va siz yaqinlashishingiz bilan ishga tushib ketsa-ya? Ayzek Azimovning romanlarini ko‘p o‘qibsiz, demoqchimisiz? Yo‘q, bu roman emas, Sony Xperia Touch — ayni paytda ishlab chiqarilayotgan innovatsion devays. Bu gadjet xohlagan tekislikka moslashib, interaktiv sensor ekranga aylanadi. Unda Android-o‘yinlarni o‘ynash, videoaloqa qilish, biror retseptni ko‘rish, taqdimot qilish yoki surat chizish mumkin. Ha, kelajak endi yonginamizda!

Bu qanday ishlaydi?
Sony Xperia Touch nurlari tushgan tekislikni infra-qizil hududga aylantiradi. Buning uchun unga sekundiga 60 kadrni uzatuvchi maxsus kamera o‘rnatilgan. Bu kamera infra-qizil hududdagi signalni qabul qiladi. Misol uchun, stol ustiga tushgan suratni bosganimizda, Xperia Touch o‘sha zahoti harakatimizni aniqlab, qayta ishlaydi va buyruqni bajaradi. Shu taxlit yuza sensor ekranga aylanadi.

Gadjet interfeysi smartfon yoki planshetniki kabi: uni barmoqda surish, ikki marta chertib buyruq berish va boshqa amallarni bajarish mumkin. Multitach rejimi ham bo‘lib, sensor bir vaqtning o‘zida 10 tagacha barmoq zarbini tushunadi.

Super-proyektor
Sony Xperia Touch 2 holatda ishlaydi: agar stol gorizontal holatda bo‘lsa, bu devays diagonali 23 dyuym va HD sig‘imli interaktiv ekranga aylanadi. Agar nur tushadigan yuza vertikal holatda bo‘lsa, unda gadjet nuri devorda aks etadi. Devor gadjetdan qancha uzoq bo‘lsa, surat shu qadar kattaroq aks etadi. Uzog‘i bilan ekran 80 dyuymgacha, ya’ni 2 metrgacha kattalashadi. Bu -- butun boshli uy kinoteatri!

Sozlashga hojat yo‘q: Xperia Touch o‘zi qay holatda turganini tushunadi va shunga ko‘ra fokusini moslab oladi. Yorug‘lik zahirasi – 100 nit, ya’ni undan proyektor sifatida foydalanish uchun xona to‘liq qorong‘u bo‘lishi shart emas. Chiypardalarni tushirib qo‘ysa bo‘ldi.

Samaradorlik
Sony Xperia Touch'da bugungi zamonaviy o‘yinlarni o‘ynash mumkin. Ayniqsa, do‘stlar bilan bir stol atrofida bir necha kishilik o‘yinni o‘ynash mumkin. Xperia Touch bir necha soatda ham qizib ketmaydi. Boisi, uning uchun kerakli platformani va salqinlatish tizimini VAIO kompaniyasi yaratgan.

Sony Xperia Touch ovozli buyruqlarni ham tushunadi. Misol uchun undan ertangi ob-havoni, hayvonlar turmush tarzi, biror manzilga qanday borishni va boshqa ma’lumotlarni so‘rash mumkin.

Bu ixcham gadjetad 2 ta sabvufer va 2 ta yuqori chastotali dinamiklar o‘rnatilgan. Ular BRAVIA mutaxassislari tomonidan yaratilgan.

Devaysning doimiy xotirasi 32 GB va buni MicroSD yordamida 256 Gb.gacha kattalashtirish mumkin. U "bulutli" yoki Wi-Fi tarmoqlaridan ham kino yoki musiqalarni namoyish etadi.

Xperia Touch qurilmasida PlayStation 4 Remote Play funksiyasi ham joriy qilingan.

Sony Xperia Touch ayni paytda jahon gadjetlar bozorida 1,8 ming dollardan sotilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!