Yarim bahosidagi flagman -- Honor 9 yurtimizda ham sotilmoqda!

Yarim bahosidagi flagman -- Honor 9 yurtimizda ham sotilmoqda!

Apple kompaniyasi iPhone taqdimotidan so‘ng bir-biridan ta’sirli reklama roliklari olib, jahonda uning smartfonlariga biror munosib raqib yo‘qligini hammaning ongiga quyishga harakat qiladi. Misol uchun, so‘nggi yillarda mobil kamera texnologiyasi borasida Apple o‘zining mutloq yetakchi ekanini isbotlashga urinib kelmoqda.

Biroq, jahonda kuchli protsessor va kameraga ega smartfonlar kam emas. Faqat ularni hadeb ham reklama qilishmaydi. Ayniqsa, 2018 yilga oz fursatlar qolganida smartfon bozorida bir-biridan kuchli raqiblar paydo bo‘lmoqda. Misol uchun, shu yilning 12 iyunida taqdim qilingan Honor 9 ilg‘or platforma, qo‘sh sensorli bosh kamera va ko‘zni quvnatadigan dizayni bilan o‘ziga xos. Gadjet ilg‘or bo‘lish barobarida, raqiblaridan 2 barobar arzon.

Qo‘lga olishingiz bilan zamon ruhini his qilasiz!
Ekranni qoplagan 2D shaklidagi shisha panel hamda orqa korpusni qoplab olgan 3D shaklidagi bezak shishasi va metall sinch pishiq va mustahkam korpusni tashkil qilgan. Korpus shishasi va metall mahorat bilan qayta ishlangan.

Honor 9 ko‘rinishidan bugungi flagmanlarni eslatadi: 5,15 dyuymli (IPS matritsa) Full HD sig‘imli displey old panelning 70 foiz maydonini egallagan. Ma’lum qilinishicha, ekranning sezgirligi avvalgi smartfonlarga nisbatan 25 foizga, har bir tugmani bosganda smartfonning ishlash tezkorligi 10 foizga oshgan.

Platforma

Yangi smartfon 8 yadroli, chastota tezligi 2,4 GGs bo‘lgan Kirin 960 protsessori, Mali-G71 videokartasiga ega. Bu protsessor, shuningdek Huawei P10 va Mate 9 flagmanlariga ham o‘rnatilgan. Uning doimiy xotirasini microSD bo‘lmasi orqali kengaytirish mumkin. Honor 9 Android 7.1.1’ning o‘zlashtirilgan EMUI 5.1 talqinida faoliyat ko‘rsatadi.

Akkumulyatorning elektr toki sig‘imi 3200 mA soat bo‘lib, smartfon USB Type-C universal porti hamda Super Charge 3.0 texnologiyasi yordamida tezkor quvvat oladi. Ya’ni, 60 daqiqada quvvatini 90 foizga to‘ldiradi. Gadjetda infra-qizil port, Hi-Fi audio protsessori, NFC modemi mavjud.

Kamera

An’anaga ko‘ra, Honor 9 ham qo‘sh ob’yektivli bosh kameraga ega bo‘lgan. Bu modullardan biri 12, boshqasi 20 megapikselli. Ularning aperturasi f/2,2. Bu sensorlarning biri monoxrom — manzarani oq-qora, boshqasi rangli suratga oladi. Natijada, suratning dinamik diapazoni kengayib, detallarga boy bo‘ladi.

Bosh kamerada optik barqarorlashtirish, lazerli avtofokus, 2 karrali optik yaqinlashtirish funksiyalari, portret janrida suratga olish rejimi mavjud. Gadjetning old kamera sig‘imi 8 megapiksel.

Quyidagi suratlar Honor 9 smartfonida, avtomat rejimda olingan:

Honor 9 kamerasining mahoratiga siz ham qoyil qoldingizmi?

Honor 9 olgan suratlar sifatiga ko‘ra iPhone 7 Plus olgan suratlar sifatidan aslo qolishmaydi. Hatto ba’zi jihatlarda ayfondan yaxshiroq.

Honor 9’ning yana bir o‘ziga xosligi — bu narxi. 16 iyundan Xitoy bozoriga uning eng quyi jihatlarga ega talqini, ya’ni 4/64 GB xotirali talqini $338, 6/64 gigabaytli xotira talqini $390, eng yuqori — 6/128 GB versiyasi esa $441 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilgan edi.

Gadjet kam sonda bo‘lsa ham, yurtimizga ham olib kelinmoqda. Hozircha uning eng quyi talqini uchun O‘zbekistonda 390 AQSh dollari, o‘rtacha talqini (6/64) uchun esa 3 million so‘mgacha narx belgilangan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.