Yaxshi sotilayotgan Redmi 5 va Redmi 5 Plus narxlari "yerga tushdi"!

Yaxshi sotilayotgan Redmi 5 va Redmi 5 Plus narxlari

Xiaomi kompaniyasining so‘nggi hamyonboplari sanalmish Xiaomi Redmi 5 hamda Redmi 5 Plus smartfonlarining bir oy avval bo‘lib o‘tgan taqdimotidan so‘ng bu modellarga nisbatan jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘ondi. Smartfonlar bozorga kutilganidan bir oz qimmat -- Xiaomi Redmi 5'ning eng arzoni (2/16 Gb) uchun $120, 3/32 Gb talqini uchun esa $145 dollar, Xiaomi Redmi 5 Plus'ning standart (3/32 Gb) talqini $160 hamda 4/64 Gb versiyasi $205 dollardan sotuvga chiqarilgan edi.

Yuzaga kelgan yuqori talabdan ilhom olgan kompaniya ularning narxlarini ko‘tarish o‘rniga, bu modellarni yanada arzonlashtirdi. Natijada, Redmi 5 modelining 3/32 Gb talqinini $139,99 dollardan, Redmi 5 Plus modelining 3/32 Gb versiyasini $158,99 dollardan xarid qilish mumkin bo‘ldi. Hozircha har ikkala model tilla rang, qora, ko‘k ham pushti rangli korpuslarda ishlab chiqarilmoqda.

5,7 dyuymli, piksellar sig‘imi 1440x720 belgiga teng hamda 2,5D effektiga ega shisha bilan qoplangan ekrangan ega bo‘lgan Xiaomi Redmi 5 va 5,99 dyuymli va FullHD+ ekran bilan ta’minlangan Redmi 5 Plus smartfonlari yorqin va yirik displeyda tasvir va tomosha ko‘rishga ishtiyoqmand odamlar uchun.

Redmi 5'ning platforma ta’minoti quyidagicha: 14 nanometrli texnik jarayonda ishlaydigan Snapdragon 450, 2/3 Gb operativ xotira, 16 Gb yoki 32 Gb doimiy xotira.

Gadjetlarga 5 Mp aniqligidagi, qolaversa "yumshoq" tusli fotochaqnoqqa ega old hamda 12 Mp aniqligidagi bosh kamera moduli o‘rnatilgan. Ulardan "ajdodlari"ga qaraganda bir oz sifatli suratlar kutish mumkin. Xiaomi Redmi 5'ning batareyka sig‘imi 3300 mA soat. Smartfon 2 ta sim-kartali, barmoq izlari skaneriga ega hamda Android Nougat'ning MIUI 9 talqinida faoliyat ko‘rsatadi.

Xiaomi Redmi 5 Plus funksiyalari ham deyarli shunday, biroq unga nisbatan ilg‘or va yangi Snapdragon 625 platformasi o‘rnatilgan. Uning 2 xil xotiraga ega talqini ishlab chiqariladi: 3/32 Gb hamda 4/64 Gb. Shu bilan birga, batareyasining tok sig‘imi 4000 mA soat. Ma’lum qilinishicha, to‘liq quvvat devaysga 2 kun ishlashiga yetadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!