Yosh dasturchi qizlar tanloviga marhamat!

  •   DiMaX
  •  1947
  •  11.01.2019 12:41

Yosh dasturchi qizlar tanloviga marhamat!

O‘zbekistonda «Technovation Uzbekistan» respublika tanlovi mentor va ishtirokchilarini ro‘yxatga olish boshlandi. Ushbu tanlov 10 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkaziladigan «Technovation Challenge» xalqaro tanlovining saralash bosqichi hisoblanadi, deb yozadi O‘zA.

O‘QING: O‘zbekistonlik «xaker»lar bankomatni 15 daqiqada «buzib», xalqaro tanlovda uchinchi bo‘lishdi

«Technovation Uzbekistan» tanlovi O‘zbekiston Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Yoshlar ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi, Toshkentdagi Inha universiteti hamkorligida tashkil etilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, «Technovation Challenge» xalqaro tanlovi 2010 yildan buyon dunyoning qariyb 80 mamlakatida o‘tkazib kelinmoqda. Ular orasida O‘zbekiston ham bor. Texnologik ishlanmalar tanlovi doirasida qizlar jamoalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Unda ishtirokchilar ustoz va murabbiylar rahbarligida dolzarb muammoni aniqlashi, uni hal etish uchun ilova yaratishi, loyihani tijorat jihatidan amalga oshirish uchun kompaniya tuzishi kerak bo‘ladi. Ushbu dasturda qatnashish qizlarda tanqidiy fikrlash, tadbirkorlik va dasturlash, jamoada ishlash va auditoriya bilan muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonlik qizlar «Technovation Challenge» xalqaro tanlovida uchinchi marotaba ishtirok etmoqda. O‘tgan yili mamlakatimizning «Generation Z» qizlar jamoasi kichik yosh guruhi bo‘yicha dunyoning oltita eng kuchli jamoasi qatoriga kirdi va tanlovning Kaliforniya (AQSh)da bo‘lib o‘tgan final bosqichida mamlakatimiz sha’nini himoya qildi.

Joriy yilda jamoalar ikki guruh – 10 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan va 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan guruhlarga bo‘linadi. Ularga tajribali murabbiylar biriktiriladi va ular 3 oy mobaynida zamonaviy dasturiy mahsulotlarni dasturlash va ishlab chiqish ko‘nikmalarini o‘rganadilar. Ushbu bilimlar qizlarga aniq muammoni hal etishga qaratilgan mobil ilovalarni yaratish imkonini beradi. Tanlovning respublika bosqichi yakunida ishtirokchilar o‘z biznes-rejasini tuzib, hay’at a’zolari e’tiboriga qisqa video-taqdimot hamda loyihalarini havola etadi. Respublika saralash bosqichi g‘oliblari «Technovation Challenge» tanlovining onlayn-rejimida o‘tkaziladigan yarim final bosqichiga yo‘llanma oladi.

Taniqli olim, dasturchi va biznesmenlardan iborat xalqaro hay’at a’zolari yuzlab ishtirokchilarning ishlari bilan tanishib, 10 nafar finalistni saralab oladi. Aynan ana shu jamoa tanlovning San-Fransisko (AQSh)da bo‘lib o‘tadigan yakuniy bosqichida ishtirok etadi.

«Technovation Uzbekistan» tanlovida ishtirok etish mana bu havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

O‘QING: Mobil ilovalarni ishlab chiqish uchun tanlov e’lon qilindi!