YouTube pedofillar uyasiga aylandi!

  •   DiMaX
  •  2003
  •  23.02.2019 09:04

YouTube pedofillar uyasiga aylandi!

Ommabop YouTube videoxostingida bolalar ishtirokidagi lavhalar ham ko‘plab joylangan va ular juda ko‘p tomosha qilinib kelmoqda. Ammo buning ortida manfur illat – pedofiliya urchiyotgani yaqin-yaqinlargacha ko‘pchilikning xayoliga ham kelmagandi.

O‘QING: Taniqli siyosatchi ommabop messenjerni terrorchi va pedofillar uyasi deb atadi

YouTube ma’muriyati yaqinda bolalar aks ettirilgan videolarga aloqador 400 dan oshiq kanalni va o‘n millionlab izohlarni o‘chirib yubordi. Bunga bloger Mett Uotson jiddiy muammoni ko‘tarib chiqqani sabab bo‘ldi. Uning xavotir bilan ta’kidlashicha, YouTube’da bolalar videolavhalariga «o‘rnashib» olgan pedofillarning butun boshli tarmog‘i mavjud.

Bu yerda gap bolalar raqsi, sport bilan shug‘ullanayotgani yoki biror nimani hikoya qilib berayotgani tasvirlangan videoroliklar haqida ketmoqda. Uotson shunday roliklarning aql bovar qilmas darajada ko‘p ko‘rilganligi va ularga izoh yozuvchilarning juda faolligini payqab qolgan. Pedofillar bolalarga shilqimlik qilishgan, videolavhada tanalari biror joylari ochiq ko‘ringan lahzalariga ishora qilishgan va izohlarda bolalar pornografiyasi mavjud saytlarga havolalar qoldirishgan. Bolalar (ayrim hollarda – pedofillarning o‘zlari) yuklagan videolavhalar yuz minglab, millionlab marta tomosha qilinadi. YouTube algoritmlari ularning tomoshabinlariga shunga o‘xshash kontentni tavsiya etadi, bu omil esa vaziyatni yanada chigallashtiradi.

O‘QING: Bolalar pornografiyasi tufayli Apple bu ilovani App Store’dan olib tashladi

Uotson tavsiflab bergan muammoga yirik kompaniyalar, jumladan, Epic Games, Nestle va Disney kabilar e’tibor qaratishdi va YouTube’ga o‘z reklamalarini berishdan bosh tortishdi. Grammarly va Peloton kabi kompaniyalar esa butkul bosh tortmasdan, YouTube ma’muriyatidan tekshiruv o‘tkazishni hamda pedofiliya tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishni so‘rashdi.

YouTube jamoasi zudlik bilan bunga munosabat bildirib, pedofiliyaga ishora qiluvchi videolar va izohlarni o‘chira boshladi. Shuningdek, servis ma’muriyati taqiqlangan kontentni tarqatishda yoki bolalarga shilqimlik qilishda gumonlanayotgan akkauntlarni ham o‘chirmoqda. Ochiqdan-ochiq g‘ayrihuquqiy harakatlarni amalga oshirgan foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni esa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga berishdi. Ma’lum qilinishicha, yaqin orada YouTube servisining ishlash algoritmlariga o‘zgarishlar kiritiladi va shuning evaziga pedofillarni bloklash osonroq kechadi.

Biz esa aziz o‘quvchilarimizdan o‘z farzandlarining xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz.

O‘QING: Farzandingiz suratini internetga joylamang!