ZTE iPhone X'dagi innovatsiyaga ega $120 dollarlik smartfon taqdim qildi

ZTE iPhone X'dagi innovatsiyaga ega $120 dollarlik smartfon taqdim qildi

Bu yil qo‘sh kamerali smartfonlar to‘liq urfga kirdi. Arzon, qimmat "aqlli telefon"larda ham qo‘shalab, hatto to‘rttalab kameralar o‘rnatila boshlandi. ZTE kompaniyasi ham arzon smartfonlarida 2 ob’yektivli kameralarni tatbiq qilmoqda. Kecha taqdim qilingan ZTE Blade A3 ham arzon bo‘lish barobarida, birmuncha zamonaviy texnologiyalarga ega bo‘lgan. Jumladan, uning selfi-kamerasi 2 ta.

Yangi smartfon dizayni shu narxdagi boshqa gadjetlar bilan taqqoslab ko‘rganda, puxta va shinam uslubda tayyorlangan. Korpus asosan plastik xomashyosidan tayyorlangan. Devaysning HD sig‘imli ekrani diagonali 5,5 dyuym. Uning platforma samaradorligi uchun mas’ul 4 yadroli MT6737T protsessori (1,5 GGs), 3 Gb tezkor hamda 32 Gb doimiy xotira mavjud.

ZTE Blade A3'ning diqqatni tortuvchi jihatlari qatorida 4000 mA soat tok sig‘imiga ega batareya, qo‘sh old kamerani, barmoq izi skaneri, 128 gigabaytgacha xotira kartasiga mo‘ljallangan microSD fleshkasini hamda 2 ta alohida SIM-karta bo‘lmalarini aytish mumkin. Smartfon Wi-Fi, 4G LTE hamda boshqa zamonaviy tarmoqlarda faoliyat ko‘rsatadi. ZTE Blade A3 uchun Android 7.0 Nougat'ning o‘zlashtirilgan talqini ishlab chiqarilgan.

5 Mp + 2 Mp aniqligidagi ushbu kamerada selfilarni ham orqa fonni g‘ira-shira qilib olish mumkin. Shuningdek, old kamera o‘zining fotochaqnog‘iga ham ega bo‘lgan. Bosh kamera esa 13 megapikselli.

ZTE Blade A3'dagi yana bir muhim funksiya -- "Face Unlock" texnologiyasi. Ya’ni iPhone X kabi yuz-qiyofa orqali telefonni blokirovkadan chiqarish mumkin. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, bu texnologiya ishonchli va tezkor. Kompaniyaning fikricha, ZTE Blade A3 bu texnologiyaga ega bo‘lgan $120 dollarlik yagona smartfon.

ZTE Blade A3 6 noyabrdan $120 dollar bahosida sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!