ZTE qo‘sh ekranli gorizontal «raskladushka» tayyorlayapti

  •   DiMaX
  •  1391
  •  06.09.2017 15:01

ZTE qo‘sh ekranli gorizontal «raskladushka» tayyorlayapti

Xitoyning ZTE kompaniyasi AQShning AT&T aloqa operatori bilan hamkorlikda umuman o‘zgacha dizaynga ega smartfon ustida ishlamoqda. Bu haqda VentureBeat nashriga o‘zining to‘g‘ri chiqadigan prognozlari bilan tanilgan Evan Blass xabar bergan.

Mazkur qurilma Axon Multy deb nomlanadi va u boshqacha – gorizontaliga ochiladigan «raskladushka» form-faktoriga ega. E.Blass so‘zlariga qaraganda, bu devays tashqi ko‘rinishi 2011 yili chiqqan, quyidagi rasmda aks ettirilgan Kyocera Echo smartfoniga juda-juda o‘xshash:

«Raskladushka»ning har ikkala tomonida bittadan – ikkita Full HD sifatli (1920 x 1080 pikselli) displey joylashgan. Yoyilgan holatda bu ikkita displey diagonali 6,8 dyuymga teng bo‘lgan bitta ekranga aylanadi. Yig‘ilgan holatida ham Axon Multy ancha ixcham – qalinligi 10 millimetrga bormaydi.

Smartfonning boshqa xususiyatlari hozircha aniq emas. Taxminiy ma’lumotlarga ko‘ra, ZTE’ning bu ishlanmasi o‘tgan yilgi Qualcomm Snapdragon 820 protsessori asosida ishlaydi. Uning tezkor xotirasi 4 GB, doimiysi esa 32 GB hajmli bo‘lishi aytilmoqda. Axon Multy’ning kamerasi 20 megapikselli, akkumulyatori esa 3120 mA/soat sig‘imga ega bo‘lishi ehtimoli yuqori.

 ZTE Axon Multy shu yilning oktyabr oyi o‘rtalarida, 650 AQSh dollari narxida savdoga chiqarilishi kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!