31 mart: bugun iPhone SE xalqaro bozorga tashrif buyurdi

31 mart: bugun iPhone SE xalqaro bozorga tashrif buyurdi

 

31 mart kuni AQSh va Germaniya bozorlarida joriy yilning 21 mart kuni Apple kompaniyasi tomonidan namoyish qilingan iPhone SE smartfoni sotila boshlandi.

AQShda qurilmaning 16 GB ichki xotiraga ega talqini 399 dollar (soliq to‘lovisiz), 64 GB varianti esa 499 dollardan sotuvga chiqarildi. Yevropa bozorida esa smartfon bir oz qimmatroq — 489 yevro (556 AQSh dollar) hamda 589 yevro (670 AQSh dollari)dan savdoga kiritildi.

MDH mintaqasida iPhone SE 5 aprel kuni Rossiya hududida bozorga chiqariladi. Uning 16 GB talqini Rossiyada 37 990 rubl (taxminan 550 dollar atrofida) hamda 64 GB varianti 47 990 rubl (700 dollar)dan sotuvga chiqarilishi xabar qilinmoqda.

Ko‘pchilik mutaxassislarning fikricha, iPhone SE o‘z davrida juda ommalashgan 4 dyuymli iPhone 5s smartfonining kuchli imkoniyatlar bilan “qayta tug‘ilishi”dir.

U 1136×640 piksel sig‘imiga ega 4 dyuymli displey, Apple A9 protsessor ( M9 yon protsessori bilan birga), 2 GB operativ xotira, 12 megapikselli 4K-video yozadigan hamda Live Photos – «jonli surat» olish imkoniga ega bosh kamera, 1,2 MP old kamera bilan ta’minlangan.

Smartfon quvvat toshi – akkumulyator 3G aloqa tarmog‘ida qurilgan 14 soatlik suhbatga, 13 soatlik video tomosha qilishga bardosh beradi.

Ayni damda unga “dunyodagi eng ixcham kuchli smartfon” degan nom berilgan. The Verge nashri smartfon imkoniyatiga  10 dan 8,7 ball bergan.

Ekspertlar smartfonda 1,2 Mp old kameraning tatbiq qilinganini, unda iPhone 6s’da mavjud 3D Touch texnologiyasining joriy qilinmaganini, gadjetning 16 GB ichki xotirasi 4K-sig‘imli video yozish xususiyatiga ega telefon uchun kamlik qilishini aytib, kompaniyani tanqid ostiga olishmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.