Dunyodagi eng ekologik toza smartfon: Fairphone 5 bilan tanishing!

Dunyodagi eng ekologik toza smartfon: Fairphone 5 bilan tanishing!

Bilasizmi, smartfon ishlab chiqarishda foydalaniladigan ayrim materiallarni qazib olishning o'zi atrof-muhit uchun sezilarli darajada zararli hisoblanadi. Smartfoningizdan ortiq foydalanmay, uni tashlab yuboradigan bo'lsangiz, u chiqindi poligonlariga borib tushadi va tabiatga yanada ko'proq zarar keltirishda davom etadi. Biroq smartfonlar bozorida tabiatga do'stona munosabatda bo'ladigan brendlar ham yo'q emas. Ularning biri, aytish mumkin bo'lsa, lideri Fairphone hisoblanadi va u bugun o'zining yangi smartfonini taqdim qildi.

Niderlandiyaning Fairphone brendi o'zining yangi, Fairphone 5 smartfonini taqdim qildi. U 70% qayta ishlangan, shu bilan birga, to'g'ri qazib olingan materiallardan tayyorlangan. Biroq, kompaniya o'z smartfonlarini qanchalik ekologik yo'llar bilan ishlab chiqarishga harakat qilmasin, tashlab yuborilsa, ular ham elektron chiqindiga aylanadi va tabiatga ma'lum miqdorda zarar keltirishi aniq. Bu aybini yuvish uchun esa kompaniya uning smartfonini sotib olganingizda, qurilma og'irligidagi elektron chiqindini qayta ishlaydi, ya'ni Fairphone 5 smartfoni 212 gramm va uni sotib olsangiz, kompaniya xuddi shuncha miqdordagi elektron chiqindini qayta ishlaydi. Bu bilan kompaniya 100% e-chiqindi neytrali bo'lishga harakat qiladi.

Fairphone va uning Fairphone 5 smartfoni tabiatga qanchalik do'stona ekanligi haqida qisqa ma'lumotimiz yetarli bo'ldi deb o'ylaymiz va keling yangi smartfonning texnik xususiyatlari haqida gaplashamiz.

Ekrandan boshlaydigan bo'lsak, u 880 nit maksimal yorqinlikka chiqa oladigan, 90 gerts yangilanish tezligiga ega 6.46 dyuymli 1224×2700 piksel rezolyutsiyasidagi OLED displey bo'lib, uni Gorilla Glass 5 oynasi himoya qilib turadi. Uning yuqori markazida boshqa Android smartfonlarida bo'lgani kabi teshikli selfi kamerani ko'rishingiz mumkin – bu Samsung kompaniyasining 50 megapikselli JN1 sensori hisoblanadi. Ushbu f/2.45 diafragmali linza 90° ko'rish maydoniga ega va u 4K formatida 30 kadr/s tezlikda video tasvirga olishni qo'llab-quvvatlaydi.

Kameralar mavzusidan uzoqlashmaymiz. Smartfonning orqa tomonida yana ikki kameralar bor va ularning ikkovi ham 50 MP. Ularning asosiysi Sony'ning 1/1.56 dyuymli IMX800 sensori bo'lib, ushbu f/1.88 diafragmali linza 84° ko'rish maydoni va tasvirni barqarorlashtirish xususiyatlariga ega. Ikkinchi orqa kamera esa 117 gradusli IMX858 ultra-keng sensordir va uni tezkor avtofokus va makro suratlar olish kabi qobilyatlari bor. Ushbu kameralar bilan maksimal 4K UHD formatida video olish mumkin. Uchburchak kamera orolidagi uchinchi yumaloq modul kamera emas, balki kameralarga yordam berafigan ToF (Time of Flight) sensor hisoblanadi.

Qurilma "yuragi" sifatida Qualcomm'ning QCM6490 chipseti (Snapdragon 778G raqobatdoshi) tanlangan va u smartfonga bozordagi istalgan raqobatchisidan uzoq "yashash" imkonini beradi. Gap shundaki, Fairphone 5 naqd 8 yillik dasturiy ta'minot va xavfsizlik yangilanishlari qabul qiladi, ya'ni ushbu smartfon 2031-yilgacha kompaniya tomonidan qo'llab-quvvatlanadi. Agar barchasi risoladagidek ketadigan bo'lsa, Fairphone ushbu muddatni yana 2 yilga yoxud 2033-yilgacha cho'zishi mumkin. Bunda kompaniya eng kamida 5 yillik Android yangilanishlarini jo'natishni reja qilgan. Bundan tashqari, Fairphone o'zining yangi smartfoniga 5 yillik kafolat ham beradi. Mazzami?

Davom etamiz. Qurilma faqat 8 GB operativ va 256 GB doimiy xotira konfiguratsiyasida taklif qilinadi. Xotira kamlik qiladi desangiz uni 2 terabaytgacha microSD karta bilan kengaytirib olishingiz mumkin. Quvvat masalasiga kelsak, Fairphone 5 smartfoni 4200 mA/s sig'imli batareyaga ega va siz uni alishtirish imkoniga egasiz, xuddi avvalgi Android smartfonlarda bo'lgani kabi. Batareya quvvati tugaganida esa uni 30 vattlik quvvatlovchi bilan yarim soatda 50% gacha zaryadlab olish mumkin.

Aloqa borasida ham smartfon hijolat qilmaydi. U bitta jismoniy SIM-karta sloti va bitta eSIM joyiga ega. Ularning ikkovida ham 5G ishlaydi. Shuningdek, smartfonda Wi-Fi 6E, Bluetooth 5.2 va NFC texnologiyalari qo'llab-quvvatlanadi. USB-C 3.0 porti barcha simli ulanish, hatto, 3.5 mm naushnik uyasi vazifasini ham o'z zimmasiga oladi. Bundan tashqari, smartfon stereo dinamiklarga ega.

Fairphone smartfonlarining o'ziga xos, eksklyuziv xususiyatlaridan biri shundaki, ularning biron qismi buzilib qoladigan bo'lsa, uni siz o'zingiz ta'mirlay olasiz. Boshqa smartfonlar kabi ular kleylanmagan (va shu sabab ham ularni suvga tushirib yubormasligingiz kerak; yangi smartfonning suv va changga chidamlilik reytinggi IP55).

Fairphone 5 ham shunday modulli yig'ilganki, siz uning OLED ekrani, USB-C porti, SIM va SD karta joylari, old va orqa kameralari, hamda batareyasi kabi 11 ta qismlarini ortiqcha qiyinchiliklarsiz atigi bir necha daqiqada ichida alishtira olasiz. Barcha qismlar kompaniya va uning hamkorlari tomonidan sotiladi.

Ta'kidlash joizki, siz smartfonning ekologik toza qutisidan qurilmaning o'zi va qo'llanmasidan boshqa hech nima olmaysiz, chunki kompaniya sizda allaqachon quvvatlash adapteri va kabeli uyingizda bor yoki topiladi deb o'ylaydi.

Fairphone 5 smartfoni jilosiz qora, havorang va shaffof orqa qopqoqli variantlarda taklif qiladi. Afsuski, u faqat Yevropa mamlakatlari va boshqa sanoqli davlatlarda sotuvga chiqadi, 14-sentabrdan. Va afsus emaski, uning narxi 699 yevro yoxud 9 million 240 ming atrofida. Ha, ushbu smartfon O'zbekiston bozori uchun biroz qimmatlik qiladi, lekin ekologik va ishlab chiqarilishi jihatidan u narxiga arziydi deb o'ylaymiz. Sizchi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!