Realme'dan super smartfon! GT5 bilan tanishing!

Realme'dan super smartfon! GT5 bilan tanishing!

O'z vatani, Xitoyga kelganda Realme va boshqa Android smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni to'xtatib bo'lmaydi. Ular yildan yilga o'zlarining rekordlarini o'zlari yangilashmoqda. Gapni cho'zib o'tirmay sizlarni Realme GT5 flagmani bilan tanishtirsak.

Joriy yilning fevral oyi boshida o'zining GT Neo 5 smartfonini 240 Vt tezlikda quvvatlanish xususiyati bilan taqdim qilganidan so'ng, bugungi kunga kelib, Realme uning yanada kuchaytirilgan yangi versiyasini taqdim qildi. Bu Realme GT5 flagmani bo'lib, u ham 240 Vt quvvatlanish texnologiyasiga ega lekin bu hammasi emas. Qurilma 24 GB operativ va 1 TB doimiy xotiraga ham ega. Batareya esa 4600 mA/s va sizga uni 0% dan 20% gacha ko'tarish uchun 80 soniya kifoya bo'ladi!

Albatta, Realme GT5 eng so'nggi rusumdagi Qualcomm chipseti Snapdragon 8 Gen 2 bilan jihozlangan va u yolg'iz emas. Unga Adreno grafik kartasi va qo'shimcha o'rnatilgan X7 displey chipseti o'yinlarda fps'ni kuchaytirishda yordam beradi.

Smartfon ekrani 6.74 dyuym o'lchamda va u 1240×2772 piksel rezolyutsiyasida 144 gerts tezlikda yangilanadigan AMOLED displeydan tashkil topgan. Maksimal yorqinligi 1400 nit.

Yorqinlik boshqarilishi esa 2160 gerts (PWM dimming – bu nima va nima uchun muhimligini bilish uchun ushbu videoni ko'ring). Ushbu ekranning yuqori markazida selfilar uchun 16 MP kamera joylashgan.

Kameralar haqida gap ketganda shuni aytish kerakki, ular uchta va ularning asosiy Sony'ning 50 megapikselli IMX980 sensori (1/1.56 dyuym) bo'lib, ushbu 24 mm linza f/1.9 diafragma, hamda tasvirni optik barqarorlartirish xususiyatiga ega. Unga 8 MP ultra-keng (112°) va 2 MP makro kameralar hamrohlik qiladi.

Kameralar yonida to'g'ri to'rtburchak shaklidagi chiroqlarni va ularning ichida Snapdragon logotipini ko'rishingiz mumkin. Ushbu LED'lar endi 26 xil rangga kira oladi va ularning yorug'ligini 5 darajada boshqara olasiz.

Aloqa va ulanish borasida ham smartfon qoyilmaqom darajada. Unda 5G (ikkala SIM-kartada ham) va Wi-Fi 7 qo'llab-quvvatlanadi. Bluetooth ulanishi ham eng so'nggi, 5.3 versiyada.

Qo'shimchasiga smartfon 9 qavatli issiqlikni tarqatish strukturasi va 20,827 mm² sovutish maydoniga ega. Telefon Hi-Res Audio va Dolby bilan sertfikatlangan Dolby Atmos stereo dinamiklar bilan ta'minlangan. Barmoq izini aniqlovchi skaner ekran ostida joylashgan. Qolaversa, infraqizil nur uzatuvchi va NFC ham mavjud.

Qizig'i shundaki mana shunday eng yuqori texnik xususiyatlar bilan ham Realme GT5 eng so'nggi modeldagi iPhone 14 Pro Max'dan ikki baravar arzon – atigi 3800 yuan (521 dollar atrofida yoki 6 million 300 ming so'mga yaqin). Hatto eng boshlang'ich model, iPhone 14'ning narxi 799 dollardan boshlanadi.

Realme GT5, shuningdek, 5240 mA/s batareya bilan 150 Vt zaryadlanish tezligida (7 daqiqada 50%) ham taklif etiladi. Faqat ushbu modelning xotira konfiguratsiyalari 12/256 GB yoki 16/512 GB bo'ladi. Ushbu variantlar narxlari 3000 yoki 3300 yuan (salkam 5 million yoki 5.5 million so'm degani). Qaysi model bo'lsa ham siz ularni kulrang (jiloli) yoki yashil (jilosiz) ranglarda topishingiz mumkin.

Smartfonlar Xitoyda oldindan buyurtma olish boshlab yuborilgan. Ma'lum bo'lishicha, ular taqdim qilinishi bilanoq 2 soat ichida 30 mingdan ortiq buyurtmalar kelib tushgan. Sotuvlar Xitoyda 4-sentabrdan boshlanishi kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!