Huawei Mate 60 Pro smartfoni peshonasida uchta teshik bilan chiqarildi!

Huawei Mate 60 Pro smartfoni peshonasida uchta teshik bilan chiqarildi!

Barchamizga tanish bo'lgan Huawei kompaniyasi bugun Xitoyda ortiqcha dabdabalarsiz o'zining yangi smartfoni – Huawei Mate 60 Pro modelini namoyish qildi va uni peshonasida uchta teshigi ilk smartfon deyishimiz mumkin. Ular nima uchun ekanligini sizni ham qiziqtirayotganligi aniq. Bu uchta selfi kamerami? Yo'q, aslida selfi kamera bu yerda bitta va u 13 MP. Qolgan teshiklardan esa 3D ToF sensorlari, ya'ni Face ID uchun kerak bo'ladigan sensor va lazerlar o'rin olgan. Dasturiy ta'minot vositalariga rahmat, ekrandagi bu "go'zallik"ni siz bitta tugma bilan Apple'ning hozirgi iPhone 14 Pro smartfonlarining dinamik oroli ko'rinishiga o'zgartirib qo'yishingiz mumkin.

Noodatiy teshiklar uchligini hisobga olmaganda Huawei Mate 60 Pro smartfonini avvalgi Mate 50 Pro modeli ustidan yaxshi yangilanish deyish mumkin. Masalan, ushbu yangi model ekrani oldingisinikidan sezilarli darajada katta: 6.82 dyuymli LTPO OLED displeyning yangilanish tezligi 120 gerts, yorqinlik moslashuvi esa 1440 gerts bo'lib, u 2720×1260 piksellar rezolyustiyasiga ega va u ikkinchi avlod Kunlun Glass bilan himoyalangan.

Smartfonning orqa tomonidagi kameralari Huawei'ga xos dizaynda, aylana ichida joylashgan. Ularning asosiysi avvalgi Mate 50 Pro modelida bo'lgani kabi 50 MP va u tasvirni optik barqarorlashtirish, PDAF, hamda, f/1.4 va f/4.0 orasida o'zgaruvchan diafragmaga ega. Qolgan kameralarning biri 12 MP (f/2.2) ultra-keng sensori bo'lsa, boshqasi 48 MP (f/3.0) telefoto sensordir.

Kapot ostida qurilma qaysi chipset bilan jihozlangani aniq emas, lekin u 2021-yilgi Kirin 9000S ekanligini tahmin qilinmoqda. U, ehtimol, Snapdragon 888 uchun raqobatdosh bo'la oladi. Ushbu chipset bilan smartfon Harmony 4.0 operatsion tizimida ishlaydi. Uning 5000 mA/s batareyasi sim orqali 88 Vt tezlikda, simsiz esa 50 Vt tezlikda quvvatlanadi. U hatto boshqa qurilmalarga 20 Vt tezlikda quvvat bera oladi. Ma'lumot uchun – bu iPhone 14 smartfonining zaryadlanish tezligidir. Qo'shimchasiga smartfonda xotirani kengaytirish joyi, infraqizil nur uzatuvchi va barmoq izi skaneri (ekran ostida) ham bor. 

Alohida qayd etish kerakki, Huawei Mate 60 Pro smartfoni Xitoyda sun'iy yo'ldosh orqali xabar almashishni qo'llab-quvvatlaydi. Qolgan aloqa va ulanish xususiyatlariga esa 4G, Wi-Fi 5, Bluetooth 5.2 va NFC funksiyalarini qo'shish mumkin.

Smartfon orqa tomonida ikki tonli bo'lib, u to'rt xil ranglarda taklif qilinadi. Bulardan oq va och yashil rangli variatlarning yuqori qismi shishadan qilingan bo'lsa, och pushti va qora rangli variantdagilari teridan qilingan.

Huawei Mate 60 Pro smartfonini 12 GB RAM bilan 256/512 GB yoki 1 TB xotirada sotib olishingiz mumkin bo'lar edi, agar u faqat Xitoy uchun taqdim qilinmaganida. Ma'lum bo'lishicha, 12+512 GB xotira variatidagi model narxi 6999 yuan yoxud 11 million 600 ming atrofida. Ha, aytgancha, smartfon qutida quvvatlovchi adapter, USB Type-C kabel, shaffof himoya g'ilofi, smartfonga zavodda o'rnatilgan himoya oynasi, SIM-kartani chiqarish ignasi, qo'llanma va bir qancha sertifikatlar bilan keladi.  

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!