AKT vaziri Navoiyda yosh mutaxassislar bilan muloqot qildi

  •   DiMaX
  •  471
  •  12.03.2019 16:43

AKT vaziri Navoiyda yosh mutaxassislar bilan muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sadikov rahbarligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatida bo‘lib, soha korxona va tashkilotlari faoliyatini o‘rganmoqda. Bu haqda vazirlik saytining Axborot xizmati xabar bermoqda.

O‘QING: Namanganda «Raqamli texnologiyalar markazi» tashkil etildi

Ishchi guruh Beshrabot tumanlararo pochta aloqasi va Navbahor telekommunikatsiyalar bog‘lamalarida, shuningdek, Navoiy erkin industrial-iqtisodiy zonasidagi «TELECOM INNOVATIONS» hamda «TELECOM DEVICES PRO» qo‘shma korxonalarida bo‘ldi.

Vazirlik tomonidan «Raqamli texnologiyalar va IT-tadbirkorlik o‘quv markazlari» loyihasini amalga oshirish ishlari boshlangan. Sirdaryo va Namangan viloyatlarida bo‘lganidek, Navoiy viloyatida ham ana shu loyihani ro‘yobga chiqarish uchun o‘quv markazlariga joy tanlanmoqda. Jumladan, Beshrabot tumanlararo pochta aloqasi bog‘lamasining Navbahor tumani markazidagi binosida o‘quv markazi uchun xonalar ko‘rib chiqildi. Vazir Sh. Sadikov zarur bo‘lsa, o‘quv markaz o‘qituvchilari, pochta va telekom korxonalari mutaxassislari uchun xizmat uylari qurish lozimligini aytib o‘tdi. Navbahor telekommunikatsiyalar bog‘lamasi hamda «TELECOM DEVICES PRO» qo‘shma korxonasi yosh xodimlari bilan muloqot judayam ochiq va samimiy o‘tdi. Navbahorlik telekomchilar tuman markazida Wi-Fi zonasi tashkil etish taklifi bilan chiqishdi.

«TELECOM DEVICES PRO» qo‘shma korxonasi joriy yilda 15 ta loyihani amalga oshiradi. Korxona mutaxassislari taklif etayotgan ixcham Wi-Fi routeri bino ichida 30 metrni, bino tashqarisida 60 metrni internet bilan qamrab oladi. Yosh mutaxassis Zarnigor Jumanova taklif etayotgan smartfon o‘ziga xos ko‘rinishga ega, unga «Kutubxona» dasturi o‘rnatilgan. Smartfonda o‘zbek yozuvchi va shoirlarining badiiy asarlari – Alisher Navoiyning «Xamsa»si, buyuk sohibqiron Amir Temurning «Temur tuzuklari», o‘zbek mumtoz kuy va qo‘shiqlari joylashtiriladi. Ikonkalar ham milliy ruhda yaratilgan.

Vazir bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda yoshlar o‘z takliflarini bildirishdi. O‘z navbatida, Sh.Sadikov ularning ish faoliyati, rejalari bilan qiziqdi, qanday muammolari borligini so‘radi.

O‘QING: GAME DEVELOPMENT: qiziqarli, daromadli va barqaror rivojlanayotgan soha

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.