Apple’ning navbatdagi taqdimoti 21 mart kuni bo‘lib o‘tadi  

Apple’ning navbatdagi taqdimoti 21 mart kuni bo‘lib o‘tadi  

Apple’ning 21 mart kuni iPhone, iPad hamda Apple Watch qurilmalarining yangi talqinlariga bag‘ishlangan namoyishi Kaliforniya shtatining Kupertino shahrida o‘tkazilishi kompaniya tomonidan rasman tasdig‘ini topdi. Aniqrog‘i kompaniya o‘zining veb-sahifasida 21 mart kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi onlayn kuzatish taklfini bildirgan. Shuningdek, tadbirga ommaviy axborot vositalari vakillari rasman taklif qilingan.

Kompaniya taqdim etishi ko‘zda tutayotgan qurilmalar orasida iPhone SE – 4 dyuymli smartfon, iPad Pro planshetining yangi talqini, “aqlli soat”ning yangi avlodi bo‘lishi mumkin. Uning “iPhone SE”, “iPhone 5SE ” yoki “iPhone 6C” deb nomlanishi kutilmoqda. Yangi smartfon raqamsiz nomga ega bo‘lishi ham mumkin.

Shuningdek, mazkur namoyishda 9.7 dyuymli iPad Pro yoki  iPad Air 3 planshetlari ham taqdim etilishi mumkin.

IPHONE SE:

Uning 2013 yilda namoyish qilingan iPhone 5S’ga o‘xshab ketishi taxmin qilinayotgan bo‘lsa ham, yangi talqin bir qator zamonaviy innovatsiyalarga ega bo‘ladi. Qurilma korpusining bir oz qayrilma bo‘lishi kutilmoqda.

iPhone 5S

iPhone 5S

4 dyuymli iPhone SE smartfonining imkoniyatlari iPhone 6S bilan bir xil bo‘ladi. Garchi uning ekran diagonali kichik bo‘lsa ham, narx-navosi masalasida turlicha fikrlar bor. 9to5Mac texnologiyalar blogida yozilishicha, bu qurilma  iPhone 5s’ga o‘xshaydi va uning narxi ham o‘zining «ajdodi»niki kabi, 450 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilishi mumkin.

Yana boshqa bir manbaada esa uning narxi Apple iPhone 6S’nikiga yaqin bo‘lishi mumkinligi qayd qilingan. Eslatib o‘tamiz, 2016 yilning 9 mart holatida “Malika” savdo majmuasida iPhone 6S gadjeti  (64Gb) 4 257 000 so‘mdan sotilmoqda.

iPhone SE’ning taxmin qilinayotgan o‘ziga xos jihatlari:

4 dyuymli ultra yuqori hajmli piksel sig‘imiga ega Retina display;

Apple A9 protsessori (2015);

1 GB tezkor xotira;

8 MP orqa kamera;

1.2 MP old kamera;

Touch ID barmoq izlari skaneri;

iOS 10 operatsion tizimi.

Smartfonda NFC – yaqin masofada aloqa o‘rnatish texnologiyasi, Apple Pay – yaqin masofada to‘lovni onlayn amalga oshirish tizimi joriy qilinadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, unda iPhone 6S’da tatbiq qilingan 3D Touch texnologiyasi bo‘lmaydi.

IPAD PRO (9.7 dyuymli):

Garchi Apple 2015 yilda 12.9 dyuymli iPad Pro planshetini taqdim qilgan bo‘lsa ham, joriy yilda foydalanuvchilar diqqatiga uning 9.7 dyuymli yangilangan talqinini havola qilmoqchi.

Ko‘pchilik ekspertlar esa kompaniyaning uzoq vaqtdan buyon kutilayotgan iPad Air 3 planshetini namoyish qilishini aytishmoqda. U 2014 da e’lon qilingan iPad Air 2 qurilmasining “avlodi”.

iPad Pro

iPad Pro

2016 yilning iPad gadjeti 9.7 dyuymli, piksel sig‘imi 2334 x 3112, 4K texnologiyaga asoslangan ekranga ega bo‘lib, 3D Touch texnologiyasi bilan ta’minlangan bo‘ladi.

iPad Pro 2016’da  uni “aqlli klaviatura” bilan ulaydigan Smart Connector interfeysi, 4 dona ovoz uzatkich, kamera fotochaqnog‘i bo‘ladi.

Hozircha narx-navo borasida biror fikr aytish qiyin. Amazon internet do‘konida kompaniyaning so‘nggi plansheti – Apple iPad Pro 720.99 AQSh dollaridan sotilmoqda. “Malika” savdo majmuasida esa iPad Air 2 (Wi-Fi, 4G, 64 Gb.) qurilmasi 4.150.000 so‘mga baholangan.

APPLE WATCH 2:

2014 yilning sentyabr oyida kompaniya tomonidan Apple Watch taqdim etilgach, “aqlli soat” dizayni ko‘pchilik ekspert va foydalanuvchilar tomonidan yaxshi kutib olingan edi.

Apple Watch 2’ning yapaloq shaklga ega bo‘lishi ham kutilmoqda. Aqlli soatlarning navbatdagi avlodida ARM Cortex A32 protsessoridan foydalanilishi mumkin. Ma’lum qilinishicha, yangi A32 protsessori qurilmani oldingi protsessorlardan 25 foiz tezroq ishlashini, sifatli namoyishini ta’minlaydi.

Apple kompaniyasi tomonidan yangi soatga mo‘ljallangan magnitli tasma uchun patent olgani xabar qilinmoqda. Bu qo‘shimcha tasmaga soat ekrani o‘zini olib joylashtirish, tungi vaqtda uni stol ustiga tikka holatda o‘rnatish qulayliklarini yaratadi.

Apple Watch 2 yordamida video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish uchun Facetime kamerasi ham bo‘lishi mumkin. Unda foydalanuvchi salomatligiga xizmat qiluvchi bir qator sensor va fitnes ilovalar ham bo‘ladi.

9to5mac blogining yozishicha, elektron soat korpusida titan, volfram, palladiy va platina metallaridan foydalaniladi. Bu esa gadjet narx-navosiga ta’sir ko‘rsatadi. Hozircha ekspertlar “aqlli soat”ning $1,000 AQSh dollari atrofida sotilishi taxmin qilinmoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.