BlackBerry Athena: afsonaviy brendning hali taqdim etilmagan QWERTY-smartfoni ilk «jonli» suratlarda!

  •   DiMaX
  •  1243
  •  01.05.2018 19:21

BlackBerry Athena: afsonaviy brendning hali taqdim etilmagan QWERTY-smartfoni ilk «jonli» suratlarda!

Esingizda bo‘lsa kerak, BlackBerry brendi ostida jahon bo‘ylab smartfonlar ishlab chiqarish huquqini Xitoyning TCL kompaniyasi qo‘lga kiritgan edi. Mazkur ishlab chiqaruvchi afsonaviy brend ostida bir nechta modelda yangi smartfonlar taqdim etishga ham ulgurgan.

O‘QING: Afsonaning qaytishi: BlackBerry Motion rasman taqdim etildi

Xitoyning telekommunikatsion qurilmalarni sertifikatlash markazi – TENAA saytida kuni kecha ushbu brendning navbatdagi modeli ro‘yxatdan o‘tdi. BlackBerry Athena kodli nomiga ega bu qurilma haqidagi ma’lumotlar va uning suratlari e’lon qilingan.

Moddiy QWERTY-klaviaturaga ega bo‘lgan ushbu smartfonning asosiy xususiyatlari ham ma’lum bo‘ldi. Uning 4,5 dyuymlik ekrani tomonlari o‘zaro 3:2 nisbatda, displeyining  tasvir aniqligi esa 1620x1080 pikselga teng. Klaviaturasidagi bo‘shliq (probel) tugmachasida barmoq izi skaneri joylashgan. Smartfon 12 megapikselli qo‘shaloq asosiy kameraga hamda 8 megapikselli selfi-kameraga ega.

Bulardan tashqari, xitoylik insayderlar allaqachon mazkur devaysning «jonli» suratlarini ham tarqatishgan. Ulardan birida smartfonning yakuniy nomlanishi ham aks etgan – ushbu qurilma bozorga BlackBerry KEY 2 nomi bilan taqdim etiladi.

BlackBerry Athena smartfonining ish samaradorligi uchun Qualcomm Snapdragon 660 protsessori mas’ul. Uning tezkor xotirasi 6, doimiy xotirasi esa 64 gigabayt hajmga ega. Shuningdek, bu telefonga naq 2 terabaytgacha hajmli microSD-kartasi qo‘ysa bo‘ladi! 3360 mA/soatlik akkumulyatori Qualcomm Quick Charge 3.0 texnologiyasi bo‘yicha tezkor quvvatlana oladi.

Smartfon ikkita SIM-karta, 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11 ac), Bluetooth 4.2, GPS + GLONASS, NFC va FM-radioni qo‘llab-quvvatlaydi. Uning korpusidan zamonaviy USB 3.1 Type-C porti hamda an’anaviy 3,5 millimetrlik audiotirqish ham o‘rin olgan. Android operatsion tizimining 8.1 – Oreo talqini bazasida ishlovchi BlackBerry KEY 2 korpusining o‘lchamlari 151,4x71,8x8,5 millimetrga teng. Smartfonning o‘zi 168 gramm tosh bosadi.

O‘QING: Smartfonlarni solishtiramiz: BlackBerry KEYone va Huawei P10 Plus

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.