FBB'ni unuting: Facebook'dagi ma’lumotlaringiz daxlsizligini boshqacha usulda tekshirish mumkin

FBB'ni unuting: Facebook'dagi ma’lumotlaringiz daxlsizligini boshqacha usulda tekshirish mumkin

Bir necha haftadan beri 80 milliondan oshiq Facebook tarmog‘i foydalanuvchisining shaxsiy ma’lumotlari Cambridge Analytica firmasi tomonidan yashirincha siyosiy maqsadlar yo‘lida ishlatilganligi turli janjallarga sabab bo‘lib kelayotgani haqida bir necha bor xabar bergan edik. Hattoki, Facebook asoschisi va rahbari Mark Sukerberg ushbu masala yuzasidan AQSh Senatida so‘roq ham berdi.

O‘QING: Sukerberg sizning Facebook’dagi ma’lumotlaringizni tarqatgani uchun Kongressda javob beradi

Kecha Facebook o‘z foydalanuvchilari shaxsiy ma’lumotlari Cambridge Analytica firmasi tomonidan yashirincha ishlatilmaganini tekshirish uchun maxsus daxlsizlik ma’lumotnomasiga ega bo‘lishlarini e’lon qildi.

Hozirda dunyoning turli burchaklaridan foydalanuvchilar o‘z Facebook sahifalarini eng yuqori qismida «Protecting Your Information» (Sizning Ma’lumotlaringizni Himoyalash) deb boshlanuvchi maxsus daxlsizlik xabarini olmoqdalar. Ushbu xabarda foydalanuvchining Facebook ilovasida sozlangan tilga mos ravishda, uning ma’lumotlari Cambridge Analytica tomonidan o‘g‘irlangan yoki yo‘qligi ma’lum qilingan. Agar siz shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlangan 87 million foydalanuvchi (ularning 71 millioni AQShda yashaydi)dan biri bo‘lsangiz, unda ushbu maxsus xabar orqali kerakli sahifaga o‘tib, aynan qaysi ma’lumotlaringizga daxl qilingani haqida ma’lumot olishingiz mumkin.

Maxsus daxlsizlik xabari

 

Bunday xabar foydalanuvchilarga kechadan boshlab jo‘natila boshlangani hisobga olinsa, Facebook’ning 1,8 milliard foydalanuvchisi bunday xabarni qabul qilib olguncha ma’lum vaqt o‘tishini taxmin qilish mumkin.

O‘QING: Facebook qurilmangiz mikrofoni orqali sizni eshitib turadimi?

Biroq siz bu xabarni kutib o‘tirishingiz shart emas. Shunchaki brauzeringiz qidiruv sahifasiga https://www.facebook.com/help manzilini tering yoki Facebook'dan Help Center (Yordam Markazi) bo‘limini qidirib toping. Mazkur bo‘limga kirgandan so‘ng uning eng yuqori qismidagi qidiruv joyiga shunchaki «Cambridge Analytica» jumlasini terib ko‘ring. Olingan bir necha qidiruv natijalari ichidan «How can I tell if my information was shared with Cambridge Analytica?» yoki «Bila li peredana moya informatsiya Cambridge Analytica» (Mening ma’lumotlarim Cambridge Analytica'ga yuborilganmi?) nomlisini tanlang va sizning oldingizda ma’lumotlaringiz daxlsizligi to‘g‘risida kichik bildirishnoma paydo bo‘ladi.

Maxsus bildirishnoma

Bundan biroz oldin tarmoq bo‘ylab «Mark Sukerberg akkauntingiz xavfsizligini tekshirib ko‘rish uchun maxsus kodni o‘ylab topdi. Izohlarda shunchaki FBB harflarini yozing va ular ko‘k rangga kirsa, demak sizning akkauntingiz xavfsizlikda» ma’nosidagi postlar ko‘payib ketgan edi. Endi bunday postlarga aldamang va biz ko‘rsatgan yo‘l bilan ma’lumotlaringiz daxlsizligini rasman tekshirib ko‘ring.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!