Google direktori sun’iy ong erasiga atigi 12 yil qolganligini aytdi

  •   DiMaX
  •  1288
  •  22.03.2017 09:32

Google direktori sun’iy ong erasiga atigi 12 yil qolganligini aytdi

Google korporatsiyasining texnik direktori Reymond Kursveyl ilgari surgan farazga ko‘ra, texnologik singulyarlik yaqin 12 yilda sodir bo‘ladi. Texnologik singulyarlik degani – kelajakdagi ehtimoliy davr bo‘lib, unda texnologiyalarning o‘sishi shu qadar tezlashadiki, texnik taraqqiyotning grafikdagi tasviri tikka chiziqdan iborat bo‘ladi.

Kursveyl mazkur farazni AQShning Texas shtatidagi Ostin shahrida tashkil etilgan an’anaviy South by Southwest konferensiyasida aytgan. Unga ko‘ra, 2029 yilga borib kompyuterlar inson darajasidagi ongga ega bo‘ladi, deya xabar beradi Futurism nashri.

Aytish kerakki, bu futurolog Xoking, Mask va Geyts kabilarning vahimali bashoratlariga qo‘shilmaydi. Kursveyl texnologik singulyarlikni imkoniyat uchun yangi imkoniyat, aniqrog‘i – evolyusiyaning yangi bosqichi, deb hisoblaydi. Boshqa taniqli texnobashoratchilarning mashinalar insoniyatni qo‘lga olishi borasidagi vahimali gaplariga u e’tibor bermaydi.

Google texnik direktorining so‘zlariga ko‘ra, sun’iy ong insoniyat taraqqiyotida katta siljishni amalga oshirishi mumkin. Uningcha, hozirda bizda mavjud narsalarning barchasini texnologiyalar faqat yaxshilashi mumkin.

Softbank bosh direktori Masayosi Son bashoratiga ko‘ra, insoniyat va texnologiyalarning birligi – sun’iy ong erasi 2047 yildan keyingina kelishi mumkin. Ammo Kursveyl, singulyarlik yo‘liga o‘tish allaqachon boshlanganligini ta’kidlamoqda.

Ta’kidlash kerakki, 1990 yildan buyon Kursveyl aytgan 147 ta bashoratning 86 foizi to‘g‘ri chiqqan. Endi uning insoniyat va texnologiyalarning birligi borasidagi ijobiy bashorati ham to‘g‘ri chiqishini kutish qoldi, xolos.