Google smartfon bosh ekranini xoslashtiruvchi resursni ishga tushirdi

Google smartfon bosh ekranini xoslashtiruvchi resursni ishga tushirdi

Smartfon bosh ekranini xoslashtirish, ya’ni ta’bga ko‘ra o‘zgartirish Android operatsion tizimining iOS’dan farqli ustun jihati sifatida e’tirof etiladi. iOS tizimi ekrandagi fon-suratlarini o‘zgartirish va ilovalarni papkalarga solish orqali ekranga qo‘yishga ruxsat bersa, Android foydalanuvchiga ekranga interaktiv vidjet, ya’ni ilova ramzlarini qo‘yish yengilligini yaratib bergan.

Google bosh ekranni foydalanuvchi fikri asosida yanada qulay qilish uchun Android’ning moslashuvchanligini ta’minlaydigan Taste Test resursini ishga tushirdi. Google bu orqali smartfon egalariga ekran fonining dizaynini o‘z didlari va xohishlariga ko‘ra tashkil qilish imkonini beradi.

Tezkor savollar sizdan qanday (misol uchun, tabiiy yoki inson tomonidan yaratilgan illyustratsiya, geometrik shakllarga boy) surat-tasvirlarni ma’qul ko‘rishingizni, rangdor yoki rangpar, tasvirlar, qirrador yoki yassi shakllar bo‘lishi va boshqa o‘ziga xos jihatlar bo‘yicha tasavvuringizni aniqlab oladi. Shuningdek, bu tizim uchun sizning ko‘proq ishlashingiz yoki o‘yin o‘ynashingizni, musiqa tinglashni yoki yangiliklar o‘qishni ma’qul ko‘rishingizni aniqlash ham muhim.

Undan so‘ng tizim tomonidan interfeysning taxminiy namunasi ishlab chiqilib, javoblarga ko‘ra Android’ning ko‘rinishini o‘zgartiruvchi loncherlar, ilova belgilari taqdim qilinadi. Shundan so‘ng tizim sizga ushbu bosh ekran menyusini Play Store’dan yuklab olishni taklif qiladi.

Mazkur qulaylikdan foydalanmoqchi bo‘lsangiz Taste Test resursiga tashrif buyuring.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.