Innovatsion o‘g‘irlik: Gulistonda elektr schyotchigini to‘xtatuvchi pult ixtiro qilishdi!

  •   DiMaX
  •  2215
  •  03.03.2020 12:56

Innovatsion o‘g‘irlik: Gulistonda elektr schyotchigini to‘xtatuvchi pult ixtiro qilishdi!

Yangicha hisoblagichlar haqida «Ko‘p pul yozar ekan», «Tez aylantirar ekan», «O‘g‘ri hisoblagich» kabi ta’rifu tavsiflar bildirilmoqda. Xabar.uz nashri esa elektr schyotchigini to‘xtatib qo‘yish bilan bog‘liq jinoyat haqida ma’lumot bergan.

O‘QING: Uylarimizdagi yangicha – «aqlli» elektr schyotchiklari: o‘g‘rimi yoki to‘g‘ri?

Majburiy ijro byurosining Sirdaryo viloyat boshqarmasi hamda Guliston shahar bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan joriy yilning 28 fevral kuni Guliston shahri, «Namuna» MFY, X.Do‘stligi ko‘chasida joylashgan «K.X.N.» MChJga qarashli avtomashinalarni yuvish shoxobchasida energiya ressurslaridan foydalanishning qonuniyligi yuzasidan tekshirish o‘tkazilgan. Ushbu tekshirish davomida elektr tarmog‘iga ulangan elektr hisoblagich ichiga ko‘z ilg‘amas holda, yashirin ravishda elektr ta’minotiga ta’sir etuvchi pult bilan boshqariladigan chip moslamasini o‘rnatilib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinayotganligi aniqlangan.

O‘tkazilayotgan surishtiruv harakatlari davomida «K.X.N.» MChJ rahbari A.Yu. tomonidan ta’minot korxonasi manfaatlariga 23 mln. 074 ming 605 so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlangan. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabar berib o‘tgan.

MChJ rahbari A.Yu. ushbu holatni: «Elektr hisoblagichni yashirin ravishda pult bilan boshqarib kelganman, «ekonom» qilish maqsadida, qilgan ishimdan pushaymonman», – deya izohlagan.

Hozirgi kunda Byuroning Sirdaryo viloyat boshqarmasi surishtiruv va ma’muriy amaliyot sho‘’basi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borish jarayonida aniqlangan zarar to‘liq undirilib, «ixtirochi»ga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlangan.

O‘QING: «Aqlli» schyotchiklar «ko‘p yozadi»mi, «chiroq o‘chsayam yozaveradi»mi? Mutaxassis bilan suhbat (+video)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!