Jadal rivojlanishi kutilayotgan 5 ta texnologik yo‘nalish 

Jadal rivojlanishi kutilayotgan 5 ta texnologik yo‘nalish 

Yangilik manbaalari

Ijtimoiy tarmoq va messenjerlarning turmush tarzimizda yangilik tarqatuvchi vosita sifatida ahamiyati oshib bormoqda. Misol uchun, Pew Research tadqiqot markazi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, Twitter va Facebook foydalanuvchilarining 63 foizi yangiliklarni aynan shu tarmoqlardan olishar ekan. Odamlarni dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar bilan tezkor tanishtirish maqsadida, Flipboard yoki Apple News kabi yangilik yetkazuvchi ilova hamda platformalar ishlab chiqilgan.

Facebook, Twitter, Snapchat kabi axborot tarmoqlari moddiy shakldagi axborot tarqatuvchilarning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Axborot olish insonning bosh ehtiyoji ekanini hisobga olsak, uning qulaylashuvi ham yirik texnologik hodisadir.

“Twitter Moments” xizmati dunyo yangiliklarini ular sodir bo‘lishidan daqiqalar o‘tib o‘quvchilarga yetkazadi. Twitter’ning Periscope ilovasi esa yangiliklarga oid jonli videolarni kuzatish imkonini beradi.

Facebook’ning “Tezkor maqolalar” xizmatida esa bugungi kunda 20 ta media kompaniyalar maqolalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri e’lon qilishmoqda.

Foto va videoni ilova qilgan holda yangilik almashish imkonini beruvchi Snapchat ilovasi 17 ta media kanallarni birlashtirgan. So‘nggi vaqtlarda bu xizmat o‘z hududida ommaviy axborot vositalari uchun imtiyozli xizmatlarni taklif qilib, ularni qo‘llab-quvvatlamoqda.

VR – Virtual voqyelik

Virtual voqelik texnologiyasi kelajakka daxldor orzu emas. Yaqin-yaqingacha ham uning nazariyasi va taxminiy eskizlari haqida gapirilgan bo‘lsa, bugun uning apparat qurilmasi ham dasturiy ta’minotlari ham mavjud va ular takomillashmoqda.

2014 yildan Google smartfon yordamida turli virtual muhitda sayr qilish imkonini beruvchi VR dubulg‘asini taqdim qilgan edi.

Facebook tarkibidagi Oculus Rift kompaniyasi tomonidan joriy yilning mart oyida narxi 600 AQSh dollari bo‘lgan yanada innovatsion virtual sayohat qurilmasining taqdim etilishi kutilmoqda.

Hozircha ko‘ngilochar qurilmadan keyinchalik tibbiyot, binokorlik va sanoatda keng foydalanish imkoniyati yaratilishini hisobga olsak, yaqin yillarda bu texnologiyanig o‘sish sur’ati jadallashadi.

Video o‘yinlar

2016 yilda video o‘yinlarga ehtiyoj yanada oshadi. SuperData Research markazi joriy yilda foydalanuvchilar tomonidan buning uchun taxminan 5.1 milliard AQSh dollari sarflanishi kutilayotgani haqida xabar bergan.

Video o‘yinlar hajmining yirikligi foydalanuvchilarning eng katta muammosi. Shu sabali, ishlab chiqaruvchilar mazkur o‘yinlarni “bulutli infratuzilma”, ya’ni masofaviy ma’lumotni qayta ishlash markaziga joylashtirishni ma’qul ko‘rishmoqda va bu foydalanuvchiga masofadan turib katta hajmdagi o‘yinlarni yuqori sifatda o‘ynash imkonini beradi.

Media uzatish texnologiyasi

Yangi texnologiya va telekommunikatsiya aloqa tarmoqlari katta hajmli videolarni ham qisqa muddatda yetkazish imkonini berdi. Natijada, internet tarmog‘ida bepul yoki arzon video uzatuvchi veb-kanallar paydo bo‘la boshladi.

Buning uchun provayderning maxsus media pleyerini sotib olsangiz bo‘ldi. Bu qurilma internetdagi provayder videosini televizoringizga hatto 4K Ultra HD formatida ham olib beradi. Bu kabi qurilmalarning narxi 100-140 AQSh dollari hisobida bo‘ladi.

Qolaversa, oylik to‘lov asosida 20 ta kanalni bir oy davomida o‘rtacha 20 AQSh dollariga ko‘rish mumkin. Shu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi Sling TV 2015 yilda 250 ming foydalanuvchidan har oyda 5 million AQSh dollari miqdorida daromadga ega bo‘lgan. Shuningdek, ko‘pchilik provayderlar ham kanallarni tomosha qilish imkonini beruvchi shaxsiy ilovalarini e’lon qilishmoqda.

Bugun internet tarmog‘ida The Apple TV 2, Roku va Amazon Fire kabi ommabop media uzatuvchilar mavjud.

Bu kabi kanallarda reklamadan pul ishlash imkoniyati kabelli va raqamli telekanallarnikidan yuqori ekanini hisobga olsak, ularni rivojlantirishga katta mablag‘ sarflanishini tushunish mumkin.

Iqtisod va texnologiya

Iqtisod va texnologiya omuxtaligi bugungi qulayliklarning bosh mezoni. Bank-moliya tizimi, ayniqsa axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga juda muhtoj. Jahon banklari, xalqaro moliyaviy muassasalar bu yo‘nalishdagi loyihalarni moliyalashtirishga yuqori e’tibor qaratishgan.

Goldman Sachs investitsiya bankining ma’lum qilishicha, texnologiyani iqtisodga qo‘llash bilan bog‘liq startaplar uchun yil davomida 4.7 trln AQSh dollari sarflanishi mumkin. 2014 yilda iqtisod va texnologiyani uyg‘unlashtirishga bag‘ishlangan loyihalar uchun 12 mlrd AQSh dollari sarflangan.

WePay, Affirm, Betterment  hamda  savdo-sotiq tizimida texnologiyadan unumli foydalanayotgan boshqa yirik xalqaro kompaniyalar 2.5 milliard nafar mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqdalar.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.