Kenja ayfon – iPhone SE’ning tannarxi hisoblandi

Kenja ayfon – iPhone SE’ning tannarxi hisoblandi

Amerikaning axborot va tahlil kompaniyasi IHS ekspertlari Apple’ning kenja va eng arzon ayfoni – iPhone SE’ning chinakam bahosi, ya’ni tannarxini hisoblab chiqishdi.
Unga ko‘ra, mobil aloqa vositasining tannarxi hozirgi erkin sotuvdagi narxning 40 foizini tashkil etadi. Ya’ni, Apple kompaniyasi 399 AQSh dollaridan sotayotgan bir dona iPhone SE gadjetining 16 va 64 GB doimiy xotiraga ega talqini uchun aslida 160 va 170 dollar atrofida mablag‘ sarflar ekan. Gadjetlarning tannarxidagi farq 10 dollar bo‘lsa, bozor narxidagi farq 100 AQSh dollarini tashkil etmoqda.
Smartfonda foydalanilgan eng qimmat detallardan biri Apple A9 protsessori bo‘lib, uning bahosi 22 dollarni tashkil etadi. Shuningdek, qurima kamerasining narxi 13,3 dollar.
Avval taxmin qilinganidek, iPhone SE smartfonida iPhone 5s telefon apparatining displeyidan foydalanilgan. Kompaniya iPhone 5s displeyi uchun 41 AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflar ekan.
IHS tadqiqotida ma’lum bo‘lishicha, Apple’ning MacBook Pro, iPhone va iPod Touch qurilmalari uchun displey yetkazib beradigan LG Display kompaniyasi iPhone SE’da foydalanilgan displeyni 20 AQSh dollaridan sotar ekan. Shuningdek, Japan Display va Sharp ham Apple uchun displey ishlab chiqaradi.
Garchi, ixcham iPhone SE telefonining tannarxi 160 yoki 170 dollarga tushsa ham, kompaniya reklama, marketing va yetkazib berish xarajatlariga ham ancha-muncha mablag‘ sarflaydi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.