LG G6: “eng yaxshi jarang sochuvchi” flagman taqdimot kuni ma’lum bo‘ldi

LG G6: “eng yaxshi jarang sochuvchi” flagman taqdimot kuni ma’lum bo‘ldi

Fevral oxirida Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon Mobil Kongressida Janubiy Koreyaning LG kompaniyasi navbatdagi LG G6 smartfonini taqdim qilishni rejalashtirmoqda. Kompaniya OAV vakillariga 26 fevralda axborot texnologiyalari sohasining nufuzli ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbiriga taklifnoma tarqatmoqda.

2016 yilda taqdim qilingan LG V20 samarali audio uzatish tizimi bois ham iliq kutib olingan edi. Undagi tovush tizimi raqamli-analog o‘zgartirgich nazoratida faoliyat ko‘rsatadi.

LG kompaniyasining sahifasida ma’lum qilinishicha, navbatdagi ilg‘or smartfonda ham innovatsion ovoz texnologiyasi joriy qilingan. Unda 4 kanalli, 32 bitli yangi raqamli-analog o‘zgartirgich o‘rnatilgan.

Qurilmaning raqamli signalni analog signalga aylantirishi natijasida, gadjetda ovoz yanada aniq-tiniq va barqaror eshitiladi, o‘zgartirgich shovqinni imkon qadar kamaytiradi. Raqamli-analog o‘zgartirgichning samaradorligi juda yuqori bo‘lib, unda ma’lumotning qisqarishi yoki zarar ko‘rishi uzog‘i bilan 0,0002%ni tashkil qiladi. Shunga ko‘ra, LG G6 smartfon bozoridagi raqiblariga qaraganda ovozni 50 foiz sifatliroq uzatish ko‘nikmasiga ega bo‘ladi.

Ishlab chiqaruvchi undan taralayotgan tovush 32 bit/192 kGs formatida, Hi-Fi studiyasi sifatiga teng bo‘lishini aytmoqda. Shunday qilib, LG G6 jahonning eng yaxshi “jarang sochadigan” smartfoni bo‘lishi mumkin.

Navbatdagi LG “bayroqdori” 5,7 dyuymli bo‘lib, QHD LCD turidagi ekranning piksel sig‘imi 2880x1440 ga teng. Ya’ni, HD sig‘imli ekrandan 4 marotaba yorqinroq. Har dyuymdagi piksel miqdori  564 taga teng.

Ekran quyisidan kompaniya logotipi o‘rin olgan. Old panelning yuqori qismidan esa dinamik, datchiklar va old kamera uchun joy ajratilgan. Uning faoliyati uchun Snapdragon 821 protsessori mas’ul. Korpusning chang va suv ta’siriga bardoshli bo‘lishi aytilmoqda. Kompaniya xabarida smartfon old panelining tomonlar nisbati 18:9 ga teng ekani (ayni paytda ishlab chiqarilayotgan aksariyat smartfonlarda bu ko‘rsatkich 16:9 ga teng), endi ekran yanada sezgir, kattaroq va yorqin ekani aytilgan.

Ba’zi bir insayderlarning taxminlariga ko‘ra, LG G6 xalqaro smartfon bozoriga $650 dollardan sotuvga chiqariladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!