LG G7 ThinQ taqdim qilindi: "sun’iy aqlli" musiqiy flagman

LG G7 ThinQ taqdim qilindi:

LG so‘nggi yillarda "eng zo‘r" smartfon ishlab chiqaruvchi bo‘lmasa ham, har yili kuchli flagman taqdim qilmoqda va bo‘sh kelmayapti. Shu bilan birga, kompaniya yangi jihatlarga ega tajribaviy devayslarni ham ishlab chiqarmoqda. Bir necha oy davom etgan gap-so‘zlardan so‘ng kompaniya LG G7 ThinQ — kuchli va musiqiy smartfonini taqdim qildi. Barcha smartfonsozlar kamerofon ishlab chiqarayotgan bir paytda LG diqqatini ovoz sifatiga qaratgan. Albatta, yangi devaysning fotosurat olish imkoniyatlari ham e’tiborga loyiq.

Janubiy koreyalik gigant ayfonamaniyaga yo‘liqqan chog‘i, ekran ustida iPhone X'dagi kabi «qosh-ko‘z» hududini qoldirgan.

Old panel silliq va yorqin, uning himoyasi uchun beshinchi avlod Gorilla Glass pishiq shishasi yotqizilgan. 6,1 dyuymli displeyning tomonlar nisbati bugungi kun uchun noodatiy — 19,5:9. Ekran sig‘imi 3120x1440 piksel (QHD+), har bir dyuymda 564ppi piksel to‘g‘ri keladi, yorqinlik darajasi 1000 nitgacha yetadi. IPS matritsali ekran old panelning 82,97% qismini egallab olgan.

Super Bright Display texnologiyasi — har bir pikselga qo‘shimcha oq piksel qo‘shilgan. Sozlamalarda ekran ustidagi o‘yiqni yopadigan funksiya mavjud.

Bu yil LG «shishador» trendni davom ettirgan va yangi gadjetning orqa panelini pishiq shishadan ishlagan. Korpus IP68 (MIL-STD-810G harbiy standarti) standarti asosida suv hamda changdan qo‘rqmaydi.

LG G7 TninQ foydalanuvchini o‘zining sifatli ovozi bilan hayratga soladi. Sifatli ovoz uchun 32 bitli Hi-Fi Quad DAC va 4 tomonlama raqamli-analog apparat ta’minoti javobgar. DTS X (sig‘imdor ovoz) va Boombox dinamigi o‘rtasidagi hamkorlik natijasida smartfon bas ovozni yetkazib beradi, shuningdek undagi ovozning boshlang‘ich darajasi 6 detsibeldan yuqori bo‘ladi.

LG yana bir zamonaviy trendni qo‘llab, flagmanida bosh kamera uchun qo‘sh sensor tanlagan: bosh kamera 16 megapikselli va uning yorug‘lik taqsimlaydigan linzasi f/1.7 standartli, shuningdek yordamchi sensor ham 16 megapikselli va uning diafragmasi f/1.9 standartli. Old paneldagi 8 Mp aniqligidagi ob’yektiv uchun f/1.9 standartli apertura tanlangan. Old kamerada qiyofani tanish texnologiyasi joriy qilingan.

Bosh kamerani o‘ziga xos jihatlari qatorida HDR10 texnologiyasi, portret rejimi hamda "sun’iy intellekt" tizimini aytish mumkin. Bu aqlli tizim ob’yekt, manzara va tasvirlarni taniydi, yorug‘lik miqdori va masofani aniq o‘lchaydi. Bu esa algoritmlarning optimalligini ta’minlaydi. Natijada surat sifatli aks etadi. Kamera 19 rejimda (gul, qiyofa, hayvonlar, ichimlik, ovqat va boshqalar) suratga oladi. Ulardan qiziqarlisi Super Bright bo‘lib, qorong‘u joyda ham yaxshi surat olish uchun ayni muddao.

LG G7 ThinQ modelining yana bir o‘ziga xosligi sifatida Google Lens texnologiyasiga ega bo‘lgani va Google Assistant yordamchisini chaqirish uchun maxsus tugmachaga ega bo‘lganini aytish mumkin. Google Lens surat va manzarani tahlil qilish orqali qo‘shimcha imkoniyatlar beradi.

LG G7 ThinQ "yurakchasi"ga Snapdragon 845 flagman protsessori tanlangan. Smartfon 4 Gb tezkor va 64 Gb doimiy xotira bilan ta’minlangan.

LG G7+ ThinQ modeli esa 6 Gb tezkor va 128 Gb doimiy xotiraga ega bo‘lgan.

Devaysning kuch-quvvati uchun sig‘imi 3000 mA soat bo‘lgan akkumulyator mas’ul. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha quvvat ta’minotida muammo bo‘lmaydi: quvvat tejaydigan protsessor va displey yordamida quvvat avvalgi modellar bilan solishtirganda 30% kamroq sarf qilinadi.

Quick Charge 4.0 texnologiyasi yordamida smartfonni tezkor va simsiz quvvatlash mumkin. Qadoqda esa Quick Charge 3.0 texnologiyasiga mo‘ljallangan zaryadka taqdim qilingan. Flagman USB Type-C 3.1 porti, NFC chipi, Bluetooth 5.0 texnologiyasi, 2 terabaytgacha microSD bo‘lmachasi hamda Android 8.0 Oreo operatsion tizimiga ega bo‘lgan. Yevropada LG G7 ThinQ flagmani 849 yevrodan yoki 1000 AQSh dollaridan sotiladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!