OnePlus taqdim qilinmagan OnePlus 5 olgan ilk surat bilan maqtandi

OnePlus taqdim qilinmagan OnePlus 5 olgan ilk surat bilan maqtandi

OnePlus kompaniyasi Twitter ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida 2 ta fotosuratdan tashkil topgan kollajni chop etdi. Surat manzarasi bir xil bo‘lsa ham, sifati 2 xil: biri tiniq, boshqasi xira. Kompaniya o‘zining o‘quvchilaridan ularning qaysi biri hali taqdim qilinmagan OnePlus 5 flagman smartfonida olinganini taxmin qilishlarini so‘ramoqda.

Ko‘rinib turibdiki, manzara aniq-tiniq aks etib turgan surat flagman smartfonda olingan, ya’ni, 2-raqamli fotosurat. Birinchi raqamli surat qaysi smartfonda olingani ma’lum emas. OnePlus bu orqali OnePlus 5’ning bosh kamerasi yorug‘lik past sharoitda ham yorqin surat olishiga ishora qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya bir muddat avval yangi smartfon kamerasi uchun fotogarfiya sanoatida 10 yildan oshiq tajribaga ega DxOLabs bilan hamkorlik qilayotganini aytgan edi. Uning qo‘sh ob’yektivli bosh kamerasi uchun har biri 16 megapikselli 2 ta datchik tanlangan. Smartfonning old kamerasi sig‘imi ham 16 MP bo‘lishi kutilmoqda.

OnePlus kompaniyasi ijrochi direktori OnePlus 5’ning jahonning eng ilg‘or Snapdragon 835 chipiga ega bo‘lishini rasman e’lon qilgan. 16 may kuni tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, AnTuTu benchmarkida OnePlus 5 telefoni 176 000 ball to‘plagan. Ya’ni, bu borada Samsung Galaxy S8 va Xiaomi Mi6 kabi taqdim etilgan flagmanlarni dog‘da qoldirmoqda.

OnePlus 5’ning 5,5 dyuymli Full HD displey, Adreno 540 videokartasi, 6 Gb tezkor va 64/128 Gb doimiy xotira, 3600 mA soat sig‘imli tezkor quvvat oladigan akkumulyator, Android 7.1.1 Nougat operatsion tizimiga ega bo‘ladi. Yozda taqdimoti kutilayotgan smartfonning eng arzon talqini 450 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!