Samsung Galaxy S7: imkoniyati smartfondan yuqori gadjet

Samsung Galaxy S7: imkoniyati smartfondan yuqori gadjet

Dunyoning eng so‘nggi innovatsion gadjeti, deya baholanayotgan Samsung Galaxy S7 taqdimotidan keyin jamoatchilikda smartfonga nisbatan katta qiziqish uyg‘ondi.

Ayni paytda smartfonga amerikalik foydalanuvchilar buyurtma berishlari, joriy yilning 11 martidan boshlab esa sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Hozircha Galaxy S7’ning 32 GB xotiraga ega talqini mavjud. Galaxy S7’ning xalqaro bozorda 766 AQSh dollari, Galaxy S7 Edge’ning 875 AQSh dollaridan sotilishi kutilmoqda.

Amerikalik yetkazib beruvchilar Galaxy S7 uchun boshlang‘ich 199, keyin har oy 27 AQSh dollari to‘lash evaziga ikki yillik shartnoma taklif qilishyapti. Quyida ushbu hashamdor gadjetning xususiyatlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Galaxy S7: Dizayn 

Qurilmaning metall korpusi, metall va shisha xomashyosining qorishuvidan hosil bo‘lgan korpus va displey hoshiyasi, yassi burchaklar o‘zining nafis va silliqligi bilan e’tiborni tortadi. Qurilma korpusi IP68 sertifikatiga ega. U 30 daqiqa 1.5 metr chuqurlikdagi suv qa’rida tursa ham, yana ziyonsiz ishlay oladi.

Gadjetning qalinligi 7.9 mm., bo‘yi 142.4 hamda eni 69.6 mm. U 152 gramm tosh bosadi. Uning displeyi Corning Gorilla Glass 4 himoya shishasiga ega.

Galaxy S7: Ekran

Yangi flagmanning 5.1 dyuymli ekranida S6 kabi QHD Super AMOLED texnologiyaga ega displeydan foydalanilgan. Super AMOLED texnologiyasi ekrandagi yorug‘lik va qorong‘ulik elementlarining yorqin ko‘rinishi, ranglarning o‘z holicha jilolanishi, beqiyos tasvir imkoniyatini anglatadi.

QHD piksel sig‘imi 1,440 x 2,560 bo‘lib, bu piksel imkoniyati insondagi o‘tkir ko‘zning piksellarni ko‘rish imkoniyati darajasi bilan teng degani.

OLED texnologiyasi o‘z-o‘zidan nur qaytaradi va bunda displeyning ekran shishasi bilan oralig‘i yaqin bo‘ladi. Shu sababli ham, garchi oldingi yilgi flagmanga qaraganda uning piksel sig‘imi o‘zgarmagan bo‘lsa ham, Galaxy S7’da tasvir namoyishi juda yuqori.

Muntazam faol displey rejimidagi displey monitorning hech qachon o‘chmasligi, unda doimo vaqt, kalendar, yoki tanlangan boshqa ilovalar, xabar va ogohlantirishlar ko‘rinib turishini ta’minlaydi. Mazkur rejim har soatda smartfonning 1 foiz quvvatini yeydi.

Kompaniya taqdimotda ham smartfon foydalanuvchilari kun davomida vaqtni bilish uchun qurilmaga kamida 150 marotaba murojaat qilishlarini, aynan shu bois ham ushbu rejim tatbiq qilinganini ta’kidlagan edi.

Galaxy S7: Xotira

Samsung kompaniyasi ham Galaxy S7’ning faqatgina 32 GB qo‘shimcha xotiradagi talqini mavjud ekanligini tasdiqladi. Keyinchalik uning 64 va 128 Gb flesh-xotirali talqinlari ham ishlab chiqarilishi mumkin.

Ammo qo‘shimcha xotiradan mosuvo bo‘lgan S6’dan keyin Samsung muxlislari norozi kayfiyatda yurishgan edi. 2016 yilning flagmanida microSD qo‘shimcha xotira bo‘lmachasining borligi 12 oylik “tashvish”dan keyin ular uchun misli mo‘’jizadek ko‘rindi.

Ушбу қурилмада олинган сурат

Ushbu qurilmada olingan surat

Galaxy S7: Kamera

Galaxy S7’ning 12 MP kamerasi piksellar sig‘imi jihatidan “ajdodi”nikiga nisbatan 4 MP kamaygan. Ammo kameraning yoritish darajasi 25 foizga, piksellar sifati 56 foizga oshgan. Bu esa tiniq va yorqin surat olish imkonini beradi. Orqa kamera LED fotochaqnog‘iga ega.

Kameradagi avtofokus tizimi hamda qo‘sh pikselli sensor texnologiyasi smartfon titrab ketgan taqdirda ham yoki kunning xohlagan vaqtida aniq-tiniq surat olinishini ta’minlaydi.  Selfi olishga mo‘ljallangan old kameraning piksel sig‘imi esa 5 MP.

Galaxy S7: Akkumulyator

Vaqt o‘tgan sayin smartfon foydalanuvchilari kengroq hajmli quvvat toshiga zarurat sezishmoqda. S6’da 2550 mA soat elektr toki sig‘imiga ega akkumulyator bo‘lgan bo‘lsa, navbatdagi flagman quvvat toshining sig‘imi 3000 mA soat. Ya’ni, nihoyat Android 6 Marshmallow operatsion tizimiga bardoshli innovatsion akkumulyator muxlislar ko‘nglini shod qiladi.

Quick Charge 2.0 texnologiyasi yordamida u 30 daqiqada quvvatini 60 foizga oshira oladi.

 

Galaxy S7: Operatsion tizim va ichki imkoniyatlar

Galaxy S7 Samsung’ning Android 6 tatbiq qilingan ilk smartfonlaridan biri. Uning ikki turdagi protsessor, ya’ni Qualcomm 820 (AQSh bozori uchun)  hamda Samsung’ning Exynos protsessori (Yevropa va boshqa bozor uchun) o‘rnatilgan talqini bo‘ladi. Har ikkalasida ham 4 GB tezkor xotira mavjud bo‘ladi.

Smartfonda barmoq izlari skaneri,  akselerometr, giroskop, kompas, barometr, yurak urishini aniqlash sensorlari mavjud.

 

Galaxy S7 smartfonining yana bir muhim o‘ziga xosligi unda qurilmaga yuklangan o‘yinlarning maxsus manzili – Game Launcher’ning borligida. Uning yordamida o‘yin turidan kelib chiqib, gadjetni shunga moslashtirish mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!