Samsung Galaxy S7 va iPhone 6S: qaysi biri zo‘r?

Samsung Galaxy S7 va iPhone 6S: qaysi biri zo‘r?

Nihoyat, Galaxy S7 “ringga ko‘tarildi”. Yangi imkoniyat va jihatlar bilan boyitilgan bu gadjet Apple’ning so‘nggi smartfoni – iPhone 6S’ning “ashaddiy g‘animi” bo‘lishi mumkin. Ahamiyatli tomoni shundaki, kompaniya uning dizayni va ichki imkoniyatlarini yaratishda ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilgan foydalanuvchilar va ekspertlarning fikr-mulohazalarini ham inobatga olgan. iPhone 6S’ning taqdimotiga esa u qadar ko‘p bo‘lgani yo‘q (2015 yil, sentyabr). Shu jihatdan ular bir-biriga munosib raqib.

Quyida bu ikki qurilmani taqqoslashga harakat qilamiz.

Dizayn

Galaxy S6 Samsung’ning yaratgan qurilmalari orasida eng nafisi, deb baholanmoqda. U smartfon korpusining orqa qismiga o‘rnatiladigan plastik qobiqni hashamdor ko‘ringan shisha va metall uyg‘unligidagi qobiqqa almashtira oldi. Bu dizayn Galaxy S6’ning chiroyini ochdi.

Ammo bu o‘ziga xoslik uning Apple’dan ustunligini ta’minlay olmaydi. Boisi samolyot, raketa va sun’iy uchish moslamalari tayyorlash sanoatida foydalaniladigan mustahkam va yengil alyuminiy qotishmasi hamda qattiq shisha qoplamali Retina HD turidagi displey uyg‘unligi iPhone 6S’ga ham salobat bag‘ishlaydi.

Samsung qurilmaning orqa tomoniga tutishga qulay bo‘lishi uchun sezilar-sezilmas bukik shakl bergan.

Tashqi himoya

Galaxy S7’ning IP68 sertifikati u suvga cho‘kkan taqdirda ham, uning omon qolishini kafolatlaydi. iPhone 6S esa bu sifatga ega emas.

Displey

Samsung Galaxy S7’ning Super AMOLED texnologiyasiga asoslangan displeyi yuqori darajadagi tasvir tiniqligini anglatadi. iPhone 6S’ning Retina HD displeyi esa bu borada bir oz oqsashi mumkin. AMOLED texnologiyasi ekranda piksellarning rangni namoyish etish imkoniyatini oshiradi. Shuni hisobga olsak, displey sifatida Galaxy S7’ning qo‘li baland kelishi mumkin.

143 grammli iPhone 6S’ning 4.7 dyuymli displeyida piksellar sig‘imi 750×1334 belgi bo‘lsa, Samsung Galaxy S7’ning 5.1 dyuymli displeyida bu ko‘rsatkich 1440×2560 piksel.

Galaxy S7’dagi “faol displey” funksiyasi eslatma hamda vaqtni, ogohlantirish va xatlarni smartfonni to‘la faollashtirmasdan turib ko‘rish imkonini beradi. Bu o‘z navbatida quvvat tejalishiga xizmat qiladi.

Ammo, Galaxy S7’ning ekrani Apple’ning qurilmasi kabi qurilma bilan aloqa o‘rnatishning so‘nggi imkoni – 3D Touch texnologiyasi bilan boyitilmagan. Ya’ni bu texnologiya yordamida smartfondagi ilovalarni chertish kuchi bilan boshqarish mumkin. Misol uchun, smartfonga xat keldi yoki kimdir sizga biror sayt manzilini yubordi va unga shunchaki ko‘z yugurtirmoqchi bo‘lsangiz, displeyni yengilgina chertsangiz kifoya.  Agar maktub yoki saytga to‘liq kirmoqchi bo‘lsangiz, displeyni qattiqroq chertasiz.

Tasvir namoyishi

Galaxy S7 gadjeti Qualcomm’ning so‘nggi Snapdragon 820 protsessori yoki Samsung’ning Exynos protsessoriga ega bo‘ladi. Samsung ikkala protsessorda ham tasvir namoyishi yuqori darajada ekanligini aytmoqda. Xususan, ma’lum qilinishicha, yangi smartfonda namoyish sifati Galaxy S6’nikidan qaraganda 30 %ga yuqori ekan. Galaxy S6 8 yadro, 64 bitli Exynos 7420 protsessorida ishlaydi. Galaxy S7’da tezkor xotira 4 GB.ga oshgan. Bu ham namoyish uchun juda muhim jihat.

iPhone esa 2 yadroli A9 protsessori va 2 GB tezkor xotiraga ega. Bu bilan u S6’ga bas kelishi mumkin. Ammo bu jihatdan Galaxy S7 o‘zining munosib raqibi iPhone 7’ni kutishi lozim bo‘ladi.

 Xotira sig‘imi

Samsung Galaxy S7’ning hozircha 32 GB tashqi xotiraga ega talqini namoyish qilindi. iPhone 6S esa 16 GB, 64 GB va 128 GB hajmidagi qo‘shimcha xotiralarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ammo, Android Marshmallow operatsion tizimi qo‘shimcha xotira kartalarini ham ichki xotira tizimiga qiyinchiliksiz qabul qilishini inobatga olsak, foydalanuvchilar S7’da xotira kartalarini o‘qish bilan bog‘liq muammolarga duch kelishmaydi. Nazariy jihatdan bu uning iPhone 6S’dan kattaroq xotira sig‘imini taklif qilishini anglatadi.

Kamera

Surat olishda iPhone 6S’ning tezkorligiga gap yo‘q. Qurilmaning avtomatik rejimi tez va sifatli surat olishning muhim jihati.

iPhone 6’ning 12 MP kamerasida raqamli suratni barqarorlashtirish funksiyasi bo‘lsa ham, unda suratni optik barqarorlashtirish funksiyasi yo‘q. Bu esa harakatdagi jarayonni suratga olishda muammolarga sabab bo‘ladi.

Yorug‘lik past joyda suratga olish bo‘yicha hatto Galaxy S6 ham iPhone 6S’ga bas kelishi mumkin.

Galaxy S7’ning kamerasi ham 12 MP kamerasidagi qo‘sh sensorli tizim suratni tiniq va yorqin olish imkonini beradi. Kompaniyaning ma’lum qilishcha, Galaxy S7 olgan suratlarning sifati o‘zining ajdodlarinikidan 95% sifatli bo‘lar ekan.

Akkumulyator

Galaxy S6’ning 2550 mAs  yoki iPhone 6S’dagi 1715 mAs  quvvat to‘plash imkoniga ega akkumulyatorlari 3,000 mAs quvvat toshiga ega Galaxy S7 oldida ip esha olishmaydi. Endi mobil qurilmani bir marta quvvatlab bir kun smartfon imkoniyatlaridan bexavotir huzurlanish mumkin.

Xulosa

Galaxy S7 taqdimotida aytilganidek, chindan ham smartfon qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatish istagida bo‘lgan tasavvurning natijasi.

Galaxy S7 protsessor va operatsion tizim, kamera va namoyish, quvvat olish tizimiga ko‘ra iPhone 6S’ni ortda qoldirgan bo‘lishi mumkin. Biroq uning chinakam raqibi, joriy yilning kuzida namoyish etilishi kutilayotgan iPhone 7. Va biz namoyishdan so‘ng siz bilan yana bu masalani muhokama qilamiz.