Tadqiqot: kompyuter uchun eng tejamkor brauzer qaysi?

  •   DiMaX
  •  1406
  •  25.07.2018 14:21

Tadqiqot: kompyuter uchun eng tejamkor brauzer qaysi?

Kompyuter yoki noutbuk orqali internetga kirishda brauzerni tanlash – muhim masala. Bu dastur tezkorlik va qulaylikdan tashqari, tizim resurslarini, tezkor xotirani kam talab qilsa – ayni muddao.

O‘QING: Avast «eng xavfsiz» va mutlaqo bepul brauzerni taqdim etdi

iGuides nashri xodimlari zamonaviy brauzerlar orasida qaysi biri tezkor xotiraga tejamkorlik bilan yondashishini aniqlash maqsadida tadqiqot o‘tkazib ko‘rdi. Testda yettita dasturning so‘nggi barqaror talqinlari ishtirok etdi: Chrome 67, Firefox 61, Opera 54.0.2952.60, Yandeks.Brauzer 18.6.1.770, Amigo 61, UC Browser 7.0.185.1002 hamda Microsoft Edge 42.17134.1.0.

Ushbu tajriba Windows 10 operatsion tizim boshqaruvi ostida ishlayotgan, Intel Core i5 protsessoriga hamda 8 gigabaytlik tezkor xotiraga ega kompyuterda amalga oshirilgan. Tekshirib ko‘rilayotgan brauzerlarda YouTube, VK, Yandeks, Google, Mail.ru, Avito, OK, Wikipedia, Instagram, AliExpress singari eng ommabop saytlar, shuningdek iGuides ham ochib ko‘rilgan.

Xullas, tadqiqotdagi brauzerlarning tezkor xotirani sarflashi ko‘rsatkichlari quyidagicha bo‘lib chiqqan:

  1. Chrome – 1020 MB
  2. Firefox – 867 MB
  3. Opera – 744 MB
  4. Yandeks.Brauzer – 639 MB
  5. Amigo – 681 MB
  6. UC Browser – 545 MB
  7. Microsoft Edge – 1108 MB

O‘QING: Google Chrome’dagi hoziroq o‘chirib qo‘yish kerak bo‘lgan muhim sozlama

Ko‘rib turganingizdek, tezkor xotirani sarflashiga ko‘ra eng tejamkori UC Browser, eng «ochofat»i esa – Edge bo‘lib chiqqan. Lekin shuni ta’kidlash kerakki, Microsoft taqdim etgan bu brauzer maksimal hajmdagi xotirani ko‘p vaqt band etib turmagan. To‘liq yuklanib bo‘lgach, bir necha soniyadan so‘ng varaqalarni tezkor xotiradan ajratgan. Natijada uning xotira sarfi 5 baravardan ham kamroqqa – 200 megabaytgacha ozaygan.

Chrome esa, agarda xotirada yetarlicha bo‘sh joy mavjud bo‘lsa, fondagi varaqalarni xotiradan ajratib qo‘ymas ekan. Buning oqibatida ushbu dastur toki foydalanuvchi o‘zi o‘chirmagunicha xotirani ko‘p sarflab turavergan.

Yana tadqiqotda shunisi ham kuzatilganki, UC Browser va Yandeks.Brauzer o‘chirilganda ham xotiradan to‘liq o‘chmas ekan. Ular fondagi jarayonlari bilan 1-2 megabaytlik xotira hajmini band qilib turavergan. Bundan tashqari, Yandeks.Brauzer o‘zi bilan birga Alisa ovozli yordamchisini ham yuklaydi, u fon rejimida taxminan 3 megabayt xotirani egallab turadi.

O‘QING: Mutaxassislar eng xavfsiz brauzerni aniqlashdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.