Telegram’dagi eng zo‘r kanallar-3: rus tilini yanada yaxshiroq o‘rganamiz

  •   DiMaX
  •  9019
  •  28.04.2017 15:08

Telegram’dagi eng zo‘r kanallar-3: rus tilini yanada yaxshiroq o‘rganamiz

Hayotda va internetda bizga ko‘p kerak bo‘ladigan tillardan biri – rus tili. Bir qarashda ko‘pchiligimiz ruschani yaxshi bilamiz, deb o‘ylaymiz, ammo uning nozikliklari shunchalar ko‘pki… Bunga esa biror matnni ruscha yozishga yoki ruschaga o‘girishga to‘g‘ri kelib qolganida amin bo‘lamiz.

Telegram-kanallarga bag‘ishlangan bugungi to‘plamimiz rus tili bo‘yicha savodxonligini va bilimini oshirish istagida bo‘lganlarga mo‘ljallangan. Shu kanallar orqali mazkur tilning imlosi, punktuatsiyasi va uslubiyati bo‘yicha maslahatlar, misollar olib borishingiz mumkin.

1. Ispravil

Musahhih (korrektor) Nikita Yukovich har hafta imloga oid xatolarning tahlilini berib boradi. U biror misolni «to‘g‘ri/noto‘g‘ri» («pravilno/nepravilno») formatida belgilab, sabablarini tushuntirib beradi. Rus tili haqidagi eng foydali kanallardan biri.

2. Correctarium

To‘g‘ri yozish bo‘yicha maslahatlarga va xatolar tahliliga bag‘ishlangan yana bir kanal. Misollar bilan tushuntirib berishlari ahamiyatli.

3. Milchin-kanal

Arkadiy Milchin va Lyudmila Chelsovaning «Noshir va muallif ma’lumotnomasi» («Spravochnik izdatelya i avtora») kitobidan olingan maslahatlarni berib boruvchi kanal. Afsuski, ancha vaqtdan beri unga yangi post chiqarilmagan. Biroq shu paytgacha e’lon qilinganlari ham e’tiborga loyiq – ulardan ko‘p narsa o‘rganish mumkin.

4. Kompotik Sarichevoy

«Yoz, qisqartir» («Pishi, sokraщay») kitobi hammuallifi Lyudmila Sarichevaning kanali. Lyudmila gapning mazmuniga zarar yetkazmasdan, ortiqcha so‘zlarni olib tashlash yo‘llarini misollarda ko‘rsatib beradi. Shuningdek, tahrir bo‘yicha foydali maqolalarga yo‘llovchi havolalarni ham e’lon qilib boradi. Kanalda heshteglar bo‘yicha qulay navigatsiya ham yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, #skrщ – matndan ortiqcha joylarini olib tashlash bo‘yicha maslahatlar; #napolnyay – matn tushunarliroq bo‘lishi uchun uni to‘ldirish yo‘llari haqida tavsiyalar.

5. Bukvarik

Rus tilidagi so‘zlar va iboralarning ma’nolarini tushuntirib hamda ularning kelib chiqishini izohlab boruvchi kanal.

6. +5 novix slov

Bu kanalda ham so‘z ma’nolari izohlab beriladi. Oldingisidan farqli ravishda, bu yerda nisbatan kam uchraydigan so‘zlarga keng o‘rin ajratilgan. Mazkur kanal – lug‘at boyligini oshirish uchun juda kerakli manbalardan biri.

7. #555slov

«555 slov» loyihasining kanali. Mazkur loyiha ishtirokchilari har hafta muharrirlar va ssenaristlarning bittadan topshirig‘ini bajarishadi va 555 ta so‘zdan oshmagan hajmda matnlar tuzadilar. Siz bu loyihaga qo‘shilish istagida bo‘lmasangiz ham, baribir uning kanali sizga foydali bo‘ladi. U yerda xatosiz yozish bo‘yicha maslahatlar berishadi, yozuvchilik mahoratini o‘rgatishadi va foydali havolalar e’lon qilib borishadi.

8. Glavred

Agar shu kungacha bu kanalga obuna bo‘lmagan bo‘lsangiz, sal kechikibsiz. Tezda bu xatongizni to‘g‘rilang. Unda matn, tahrir, axborot uslubi hamda reklama haqida Maksim Ilyaxovning maslahat va maqolalarini topasiz.

9. Pasha i yego prokrastinatsiya

Matnni qanday yozish haqida Pavel Fedorovning kanali. U maslahatlar, maqolalar tezislari va foydali materiallarga havolalarni chop etib boradi.

10. Chto pochitat redaktoru

Media, jurnalistika va rus tili xususidagi maqolalarning kundalik saralamasi.

11. Chexov pishet

Rus adabiyotining yetuk namoyandalaridan biri – Anton Pavlovich Chexovning 1876–1904 yillardagi maktublari chop etib boriladigan kanal.

12. Biblioteka

Mazkur kanalda har kuni turli uslublarda yozadigan mashhur adiblarning qisqa hikoyalarini berib boradi. Bitta hikoyaning mutolaasiga 5 dan 25 daqiqagacha vaqt ketadi.

Shuningdek, Telegram-kanallarning turli yo‘nalishlardagi birinchi va qiz-ayollarga bag‘ishlangan ikkinchi to‘plamiga ham nazar solishingizni tavsiya etamiz.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!